18:13 / 04.07.2015
10515

Uzun to‘y kortejlarini qisqartirishga chaqirildi

Toshkent shahri hokimiyatining rasmiy nashri bo‘lmish «Toshkent oqshomi»ning shu yil 5 iyun sonida berilgan «Dabdabali mashinalarda tuy saylini utkazish baxt belgisimi?» maqolasida to‘y-hasham, ma'raka-marosimlar, jumladan, nikoh to‘ylaridagi dabdababozlik, soxta obro‘ orttirish va shunga o‘xshash bir qancha noxush holatlar, bu boradagi ko‘p illatlar tanqid ostiga olingan.

Maqola mualliflari nikoh to‘yi uchun so‘nggi rusumdagi qimmatbaho avtomobillarni kimo‘zarga buyurtma qilish, avtomobillar karvoni bilan shahar ko‘chalarini to‘ldirib yurish, ana shu uyushgan sayr lavhalari asosida videoroliklar ishlash va soxta obro‘ to‘plash uchun mazkur videolavhalarni o‘z sahifalari orqali ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish holatlari tobora odat tusiga kirib borayotganiga e'tiborni qaratishgan.

"Ayrim yoshlar videolavhalarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib, tengdoshlari o‘rtasida nosog‘lom muhitning shakllanishiga sababchi bo‘lmoqda. Chunki mazkur videolavhalarni ko‘rgan yoshlarimizda: «Men to‘yimni bundan ham zo‘r o‘tkazaman, bundan-da yaxshi videorolik tayyorlatib, hammani lol qoldiraman», – degan noo‘rin niyat paydo bo‘lmoqda. Ba'zi hollarda ota-onalar farzandining ko‘ngliga qarab, to‘y marosimlarini o‘tkazishda katta moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda", deb yoziladi maqolada.

Gazeta tahririyati tomonidan nikoh marosimlarida avtomobillarning nechog‘lik ahamiyat kasb etishi va bu borada ota-onalar, nikoh yoshidagi yigit-qizlar fikrlarini o‘rganish maqsadida Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan yigit-qizlar o‘rtasida ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Ushbu ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etgan yigitlarning aksariyati nikoh to‘yiga chet el avtomobillarini buyurtma qilish niyatida ekanligini bildirishgan. 20 foiz bo‘lg‘usi kuyovlar nikoh to‘yi marosimida avtomobil karvonidagi mashinalar soni 10dan ortiq, 70 foizi 4tadan 10tagacha bo‘lishi, 10 foizi 2tadan oshmasligini ko‘rsatib o‘tishgan.

Ijtimoiy so‘rovlarda yigitlar o‘zlari uchun ma'qul bo‘layotgan avtomobillar rusumlarini ham belgilashgan. Bular – Rolls-Royce Phantom, Mercedes-Benz W222, W221, W221 Pullman, BMW Z4, Porsche Panamera, Pontiac Sosticelardir. Nomlari qayd qilingan avtomobillarning xizmat ko‘rsatish narxlari o‘rganilganda 2 million so‘mdan 6 million so‘mgacha ekanligi aniqlangan. To‘y marosimlari uchun mo‘ljallangan avtomashinalar xizmati uchun haq to‘lash narxlari nikoh yoshidagi yigitlarning 70 foiziga iqtisodiy qiyinchiliklar tug‘dirishini, qolgan 30 foizi buni ota-onalari to‘lab berishini bildirishgan.

"Bugungi kunda O‘zbekistonimizda barcha zamonaviy talablarga javob beruvchi avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Lekin nima uchun ayrim yoshlarimiz to‘y sayrlarida xorijda chiqqan mashinalarda yurishni istashadi?", deyishadi maqola mualliflari.

Yosh oila quruvchilarning to‘y marosimini o‘tkazishda nechog‘lik oilaviy shart-sharoitlarni hisobga olishi o‘rganilganda, ishtirokchilarning 35 foizigina oilaviy sharoitlardan kelib chiqqan holda nikoh to‘yiga avtomobil buyurtma qilishini, 65 foizi o‘z xohish-istaklari ustunligini ta'kidlab o‘tishgan.

Ota-onalarning 85 foizi to‘ylarda xizmat ko‘rsatayotgan avtomobillarning narxlari ularni qoniqtirmasligi va aholi turli qatlamlarining iqtisodiy daromadlari hisobga olinmasdan belgilanayotgani yuzasidan o‘z e'tirozlarini bildirishgan. Shuningdek, O‘zbekistonimizda ishlab chiqarilgan avtomobillardan foydalanishning har tomonlama qulayligi ota-onalar tomonidan e'tirof etilgan.

Bundan tashqari, so‘rovlar davrida xorij avtomobillari uchun to‘lovlarning noqonuniy ravishda chet el valyutasida to‘lanishi shart qilib qo‘yilayotgani oylik maoshini milliy valyuta va plastik kartochkalar orqali oladigan aksariyat ota-onalar uchun katta qiyinchilik tug‘dirayotgani aniqlangan. So‘rov ishtirokchilarining 85 foizi ushbu xizmat turlarini ko‘rsatuvchi jismoniy shaxslar faoliyatini noqonuniy faoliyat deb bilishini, xizmatlar litsenziyaga ega emasligini ko‘rsatib o‘tgan.

O‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar yakunlariga ko‘ra, to‘y marosimida chet el avtomobilidan foydalanishga asosan, yigitlar ishtiyoqmand bo‘lib, ular uchun bunday avtomobillar xizmatidan foydalanish soxta obro‘ orttirish vositasiga aylangani ma'lum bo‘lgan. Ular tomonidan ota-onalarga turli talablarning qo‘yilishi, iqtisodiy qiyinchiliklar bilan birga, ko‘plab kelishmovchiliklarga ham sabab bo‘lmoqda.

"Avvalo, avtomobillar orqali xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar faoliyatini qonuniy tartibda yo‘lga qo‘yish, narxlarni kamaytirish va nazorat qilish, xizmatlar uchun to‘lovni milliy valyutada naqd yoki plastik kartochkalar orqali amalga oshirishni joriy etish, shuningdek, to‘y marosimlaridagi avtomobillar sonini kamaytirish, tegishli tashkilotlar tomonidan nikoh yoshidagi yoshlarga, ayniqsa, yigitlarga to‘ylarni ixcham va kamxarj o‘tkazish bo‘yicha atroflicha tushuntirish ishlarini olib borish, mazkur masalani keng jamoatchilik ishtirokida teleradiokanallar orqali yoritish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida mavzu yuzasidan muntazam maqolalar berib borish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi", deyiladi maqolada.

Maqola so‘nggida mualliflar barchada bu muammoga jiddiy e'tibor berishni so‘raydi va boshqa OAVlarga shu mavzuga qayta-qayta murojaat qilishni tavsiya qiladi.

"Yoshlarimiz baxti — «dabdabali to‘y» girdobiga o‘ralib qolmasin", deyiladi so‘nggi so‘z o‘rnida.

Top