19:20 / 04.07.2015
8120

Vitaliy Denisov O‘zbekiston terma jamoasi safida Shimoliy Koreyaga tashrifi borasidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning "Lokomotiv" klubi himoyachisi Vitaliy Denisov 2018 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi safida Shimoliy Koreyaga tashrifi borasidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Shimoliy Koreya haqiqatda juda antiqa davlat. Kelishing bilanoq, hamma narsangni olib qo‘yishadi. Telefonlarni darhol topshirishni so‘rashdi. Men uyga sog‘-omon yetib kelganimni aytish uchun oddiy telefondan qo‘ng‘iroq qildim. Uyimning telefon raqamidan boshqa telefon raqamlarni yoddan bilmasdim. Hamma raqamlar uyali telefonimga yozilgan. Karaxt holga tushib qoldim.

Mutlaq yopiq mamlakat. Biz yigitlar bilan kechasi sayr qilgani chiqqanimizda maktab o‘quvchilari ko‘cha chiroqlari tagida turib kitob mutolaa qilayotganlarini ko‘rdik. Yoki ular shu tariqa uylaridagi chiroqni tejaydilar, yoki qandaydir drujinachilar bo‘lsalar kerak.

O‘yinga kelganimizda, u yerda barcha tomoshabinlar bir xil kiyim kiyib olganlarini ko‘rdik! Ko‘k rangdagi sektor, so‘ngra kulrang, undan keyin qora rangdagi sektor. Biz to‘pga egalik qilganimizda stadionda qabristondek jimjit bo‘lib qolardi. Koreyaliklar to‘pni olishlari bilan shovqin, olqishlar, chappaklar yangrardi. Bu qandaydir yangi tajribami bilmadimu, biroq menga stadionda qo‘shiq aytib, qandaydir munosabat bildirilishi qo‘nglimga yaqinroq. Bu yerda esa yugurasan va “Nima o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lyaptimi? Unday emas shekilli, odamlar o‘tiribdiyu” deb o‘ylab qolasan”, deb o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Denisov.

Eslatib o‘tamiz, o‘sha uchrashuvda o‘zbekistonlik futbolchilar 4:2 hisobida imkoniyatni boy berdilar va bu mag‘lubiyat Mirjalol Qosimovning terma jamoa bosh murabbiyi lavozimini tark etishiga olib keldi.

Top