08:39 / 04.07.2015
5373

WikiLeaks: AQSh Merkel devonxonasini tinglash uchun Berlinda maxsus ma'lumotlar yig‘ish xizmatini tashkil etgan

WikiLeaks chop etgan yangi hujjatlarda AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi va Milliy xavfsizlik agentligi Germaniya kansleri Angela Merkel devonxonasi xodimlarini tinglash uchun Berlinda maxsus boshqarmaga ega bo‘lganligi aytilmoqda. Bu haqda Sueddeutsche Zeitung nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu boshqarma Ma'lumotlar yig‘ish maxsus xizmati deb atalgan. Hujjatlarda ushbu xizmat 2011 yildan faoliyat yuritgani va telefon suhbatlarini tinglash bilan shug‘ullangani aytilgan.

Ushbu xizmat xodimlari Merkelning Yevropa siyosati bo‘yicha maslahatchisi Nikolaus Mayyer-Landrut va Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi maslahatchisi o‘rtasidagi suhbatlarni eshitgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Avvalroq bu xizmatning mavjudligi haqidagi ma'lumot MXAning sobiq xodimi Edvard Snouden oshkor etgan hujjatlarda tilga olinganligi ma'lum qilingandi. O‘shanda Snouden ushbu xizmat 80 ta joyda, jumladan Yevropada 19 ta joyda faoliyat yuritishini ta'kidlagan edi.

Top