10:23 / 04.07.2015
3133

Yaponiya Mekong havzasidagi davlatlar iqtisodi rivojlanishi uchun 6,1 mlrd dollar yordam ajratadi

Yaponiya keyingi 3 yil davomida Mekong daryosi havzasida joylashgan Vetnam, Laos, Kamboja, Myanma va Tailand davlatlarining iqtisodiy rivojlanishi uchun 750 mlrd iyen (6,1 mlrd dollar) mablag‘ ajratadi. Bu haqda Tokioda bo‘lib o‘tgan "Yaponiya-Mekong" sammiti vaqtida yaponlar bosh vaziri Sindzo Abe ma'lum qilgan.

Sammit qatnashchilari 3 yillik rivojlanish dasturini tasdiqlashgan. Unga ko‘ra Mekong havzasidagi davlatlarda infrastrukturalar yaratish orqali iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish ko‘zda tutilgan.

"Bu hududdagi tinchlik va barqarorlik hamda suv va quruqlikdagi transport tizimi rivojlanganligi Yaponiya uchun muhimdir", deydi Sindzo Abe.

Kyodo agentligida yozilishicha, Yaponiya oxirgi vaqtlarda Xitoyning Janubiy Xitoy dengizi hududida faollashganidan xavotirlanmoqda.

Tokioda bo‘lib o‘tgan sammitda Myanma prezidenti Teyn Seyn, Kamboja bosh vaziri Xun Sen, Laos bosh vaziri Txonsing Txammavong, Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha hamda Vetnam hukumati rahbari Nguen Tan Zung ishtirok etishgan.

Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ACEAN) a'zolari bo‘lgan bu davlatlarda umumiy hisobda 300 mln nafardan ortiq kishi yashaydi. Bu hududga yuqorida ko‘rsatilgan besh davlatdan tashqari Xitoyning Yunan viloyatining katta qismi ham kiradi. Shu tufayli Xitoy bu hududda o‘z ta'sir doirasini kengaytirishga harakat qilishi taxmin qilinmoqda.

Top