20:05 / 05.07.2015
13776

Gullar shahrida mohi mahbub nafasi

Muborak Ramazon oyi mamlakatimizda, xususan, Namangan viloyatida ham ko‘tarinki ruhda, o‘zgacha surur bilan davom etmoqda. Darhaqiqat, ona yurtimiz jadal sur'atlar bilan taraqqiy etib bormoqda. Mustaqillik yillarida islomiy qadriyatlar – masjid va madrasalar, ziyoratgohlar, nodir tarixiy manbalar, osori-atiqalar milliy-diniy qadriyatlarini yo‘qotgan xalqimzga qaytarib berildi.

O‘lkamizda yashab mehnat qilayotgan ko‘p sonli musulmonlar qatori boshqa din vakillarining ham emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta'lim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratildi. Muborak Ramazon oyining kirib kelishi viloyat ahliga katta quvonch baxsh etmoqda. Namangan viloyatida jami 186 ta masjid bo‘lib, ularning barchasida tarovih namozlari o‘qilmoqda. Namozxonlar masjidlarda qorilarning Qur'on o‘qib berishlarini maroq bilan tinglashmoqda.

Joriy yilning 4 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Namangan shahridagi “Shayx Eshon” jome masjidiga tashrif buyurdilar. Hazratning tashriflaridan Namangan ahlining hursandchiligi yanada ziyoda bo‘ldi. Muftiy hazratlari o‘z ma'ruzalarida tinchlik va osoyishtalik ne'matining qadr-qimmati, shukronalik, har bir oilaning farzandi barkamol avlod darajasida voyaga yetishi, bu oliy maqsad yo‘lida ularga turli yot g‘oyalarning g‘ov bo‘lmasligi haqida keng ma'noda mazmunli ta'sirchan suhbat qilib berdilar.

Suhbat so‘ngida muftiy hazratlari Alloh taolo jonajon yurtimiz O‘zbekistonga, xonadonlarimizga, tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka ato etishini, boshimiz uzra mehr-oqibat va ilmu ma'rifat nurlari doimiy yog‘ilishini, ushbu saodatli kunlarda tutgan ro‘zalarimizni husni qabul aylashini hamda Vatanimizga obodlik, xalqimizga farovonlik, dasturxonimizga qut-baraka berishini so‘rab duoi xayrlar qildilar.

Manba: Muslim.uz

Top