08:46 / 06.07.2015
4448

Nazarboyev: “Menda yoshligimdan millatchilikdan immunitet hosil bo‘lgan”

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Rossiya 24” telekanalining “Formula vlasti” ko‘rsatuvi boshlovchisi Mixail Gusmanga bergan intervyusida “Menda yoshligidan millatchilikdan immunitet hosil bo‘lgan” deb aytdi.

Nazarboyev o‘zi tug‘ilgan Chemolgan qishlog‘ida Qozog‘istonga surgun qilingan bolqorlar (Kavkaz millatlaridan biri) oilasi yashagani haqida gapirib berdi. “Ular ikkita xonadan iborat kulbada yashashardi. Bir xonada oila boshlig‘i, ikkinchisida uning rafiqasi va uch farzandi yashardi. Otam ularning tilini o‘rgangan. Bizning qishloqda bolqorlar ko‘p bo‘lmagan, otam ular bilan ishlagan. Otam ularga brigadirlik qilgan, hamma otam yoniga kelib maslahatlashardi, uni juda qattiq hurmat qilishardi”, deb eslamoqda yoshlik kezlarini Nazarboyev.

Qozog‘iston rahbari o‘zining mehnat faoliyatini Qorag‘andadagi metallurgiya kombinatida ko‘pmillatli brigadada boshlaganini qo‘shimcha qilib o‘tdi. “Konchilar brigadasida 9 kishi bor edi va ularning har qaysisi turli millat vakili edi. Nemis, ukrain, qozoq, tatar, yahudiy va yana kimdirlar. Va biz o‘zimizni bir millat vakillaridek his qilardik, bir-birimizni ajratmasdik”, deb ta'kidlamoqda Nazarboyev.

Top