14:01 / 07.07.2015
6878

Sardor Rashidov "Al-Jayish"ga 2,1 mln dollar evaziga transfer qilingani ma'lum bo‘ldi

6 iyul kuni Qatarning "Al-Jayish" jamoasi bilan 3 yillik shartnoma imzolagan "Bunyodkor"ning sobiq futbolchisi Sardor Rashidovning transfer summasi miqdori oshkor qilindi.

"Bunyodkor" jamoasi vitse-prezidenti Baxtiyor Boboyevning "InterFUTBOL" gazetasiga bildirishicha, transfer qiymati 2 mln dollarni tashkil etgan, futbolchini bolaligida tarbiyalagan jamoa uchun to‘lanadigan asosiy summaning 5 foizlik qismi barobaridagi mablag‘ ham "Bunyodkor" hisobiga o‘tkazilgani evaziga, bu transfer qiymati 2,1 mln dollarga aylangan.

Asli jizzaxlik bo‘lgan Sardor Rashidovga boshqa bir qator arab jamoalari qatorida Fransiyaning "Nant" jamoasidan ham jiddiy taklif bo‘lgan, ammo bu taklifning moliyaviy jihatlari ikkinchi tomonni qoniqtirmagani tufayli u rad etilgani aytilgan.

"Al-Jayish" avgust oyidan boshlab Qatar yulduzlar ligasining yangi mavsumida ishtirok etadi. Fevral oyida esa Osiyo chempionlar ligasining saralash bosqichidan ishtirokini boshlaydi.

Top