02:33 / 08.07.2015
7629

«Fuqarolar yig‘inlarining eng namunali diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi” ko‘rik-tanlovining g‘oliblari aniqlandi

Buxoroda «Fuqarolar yig‘inlarining eng namunali diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda UzA.

Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Buxoro viloyati hokimi M.Esonov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta'kidladi. Bu jarayonda fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri – mahalla faol ishtirok etmoqda. Ularning vakolat doirasi kengayib, xodimlarning bilim va malakasini oshirish tizimi takomillashmoqda. Bunda an'anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Fuqarolar yig‘inlarining eng namunali diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi” ko‘rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2004 yil 25 maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sohada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida 8 mingdan ziyod maslahatchi ishtirok etdi. Ularning 14 nafari mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Ishtirokchilar o‘z faoliyati bo‘yicha hududda amalga oshirayotgan ishlari, erishgan yutuqlari va tajribalarini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda taqdim qildi. Taqdimotlarda maslahatchilarning mahallalarda barqaror diniy va ma'naviy-axloqiy muhitni ta'minlash, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish, hududda millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashish, oilalarni mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash, nogironlar, keksalar, ayniqsa, yolg‘iz qariyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar bandligini ta'minlash kabi yo‘nalishlarda amalga oshirayotgan ishlariga e'tibor qaratildi. Maslahatchilarning o‘z faoliyatida uchrayotgan turli muammolar yechimini topishi ularning huquqiy madaniyatiga ham bog‘liq. Tadbirda maslahatchilarning sohaga oid qonunlar bo‘yicha bilimi ham sinovdan o‘tkazildi. Ishtirokchilar erkin mavzu bo‘yicha ham o‘z iqtidorini namoyish etdi.

Tadbir doirasida maslahatchilarning ish faoliyatiga doir fotoalbom, plakat va stendlar, hunarmandlik ishlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Marhamat Maqsudova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

– Mahallada tinchlik-osoyishtalik, oila mustahkamligini ta'minlash maslahatchi zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi, – deydi M.Maqsudova. – Bu borada davlat va nodavlat tashkilotlari hamda jamoatchilik bilan hamkorlikda ish yuritayotganimiz yaxshi samara bermoqda. O‘tgan yili hududda birorta ham jinoyatchilik qayd etilmadi. Notinch xonadonlardagi muammolar o‘z vaqtida hal etildi. 7 oilaviy ajralishning oldi olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “Nurli bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Altingul Muhambetova ikkinchi, Buxoro viloyati Romitan tumani “Sho‘robod” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Saodat Hotamova va Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Farida Hayitmatova uchinchi o‘rinni egalladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.

Top