17:40 / 08.07.2015
4486

Mehnat vazirligi “O‘zbekistonda nogironlar va yolg‘iz qariyalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish” loyihasini amalga oshirmoqda

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Birlashgan Millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorligi doirasida “O‘zbekistonda nogironlar va yolg‘iz qariyalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Loyihaning asosiy vazifasi yurtimizda qariyalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasining faoliyat ko‘lamini kengaytirish va ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda yangi texnologiyalar, samarali xorijiy tajribani kiritishda vazirlikka ko‘maklashishdir.

Hozirgi vaqtda, “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturini amaliyotga tadbiq qilish doirasida vazirlik xodimlari va loyiha ishchi-guruhi a'zolari bu sohada qonunchilikni takomillashtirish, keksalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yangi tartibini taqdim etuvchi davlat qarorlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanishmoqda.   Shuni alohida ta'kidlash kerakki, yangi tartib har bir qariyaga invidual yondashuvga; shifokorlar, ijtimoiy xizmatchilar, psixologlarning har bir nafaqaxo‘r borasida o‘zaro izchil hamkorlikda ish yuritishlariga asoslanadi.

Britaniyalik ijtimoiy ishlar bo‘yicha magistr Abike Meddison, qariyalar va nogironlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan. U vazirlik va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan loyiha haqida xabar topib, ko‘ngilli sifatida loyihada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelishga qaror qildi.

Abike Meddison loyihaga kelib qo‘shilgan kuniyoq, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti katta ilmiy xodimi Dilfuza Aniyozova ham loyihada ko‘ngilli sifatida ishtirok etish istagini bildirdi. Dilfuza “O‘zbekiston Respublikasida gerontologik xizmat va qariyalar hayotini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar” mavzuida doktorlik ishi ustida ish olib bormoqda. U mazkur loyiha qariyalarga mo‘ljallangan tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonadi.

O‘zbekiston 2014 yilda xayriya ishlari bo‘yicha dunyo reytingida 135 mamlakat ichida ko‘ngillilik harakatlari bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda deb topilgan.  Zero xalqimiz me'zonlariga ko‘ra, inson nafaqat o‘z vazifalarini vijdonan bajarishi, balki, Abike va Dilfuza kabi o‘zini ezgu ishlar, xalq va Vatanga beta'ma baxshida qilishi ham kerak. 

Ezgu ishlar yo‘lida siz qanday yordam bera olishingiz mumkinligi haqidagi ma'lumotlarni Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining rasmiy veb-saytidan olishingiz mumkin

Top