19:44 / 08.07.2015
5308

Rossiya-Xitoy samolyoti loyihasini amalga oshirish uchun milliardlab dollar kerak bo‘ladi

Rossiya savdo va sanoat vaziri Denis Manturov Yekaterinburgda bo‘lib o‘tayotgan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi davomida Rossiya-Xitoy samolyoti loyihasini amalga oshirish uchun milliardlab dollar investitsiya talab qilinishini ma'lum qildi.

Manturovning aytishicha, hozircha yakuniy raqamlarni keltirishga ertalik qiladi. Yaqin uch yilda “aviatsiya sanoatini rivojlantirish bo‘yicha dastur nuqtai nazaridan bu loyiha bo‘yicha Birlashgan aviasozlik korporatsiyasining ehtiyojlari hisobga olinadi”.

“Rossiyada Sukhoi Superjet 100 (SSJ-100) va yakunlovchi bosqichda turgan MS-21 samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba bor”, deb aytmoqda Manturov.

Keng fyuzelyajli Rossiya-Xitoy samolyotini yaratish haqidagi memorandum o‘tgan yilning bahorida Vladimir Putinning Xitoyga tashrifi davomida imzolangan edi.

Tomonlarning g‘oyasiga ko‘ra, yaratilishi rejalashtirilgan 250-300 yo‘lovchiga mo‘ljallangan layner boshqa ishlab chiqaruvchilarning samolyotlariga raqobat tashkil qiladi va nafaqat Rossiya va Xitoy, balki boshqa davlatlar bozorlarida salmoqli ulushni egallaydi. Bu samolyot teng huquqli moliyalashtirish asoslarida yaratilishi va 2021 yilda paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Top