13:20 / 09.07.2015
6028

Chexiyalik velosipedchi baxtsiz sevgi tufayli alkogol rekordini o‘rnatdi

Chexiyaning Plzen shahri politsiyasi qo‘lga tushirgan velosipedchining qonida 5.42 promille alkogol bo‘lgani aniqlandi. Voqeadan darak bergan Latest News Resourse nashrining eslatib o‘tishicha, 5 promille alkogol o‘limga olib keladi, deb hisoblanadi.
Qoidabuzar shahar chetidagi dalada qo‘lga olindi. Politsiyachilar velosipedning egri-bugri harakatidan shubhaga tushganlarida, haydovchi to‘satdan yo‘l chetidagi ariqqa yiqilib tushib, darhol uxlab qoldi.

Huquq-tartibotchilar uni uyg‘otib, tekshiruv o‘tkazdilar va yuqorida aytilgan rekord natijani qayd qildilar. Ular velosipedchining yonidagi bo‘shab ulgurmagan “Bexerovka” likyori idishini tortib olib, uni idoraga yetkazdilar. Ammo velosipedchi voqea yuzasidan tuzilgan bayonnomani na o‘qiydigan, na imzolaydigan ahvolda emas edi.
Endilikda u mast holda velosiped haydagani uchun 50 ming krona (2 ming dollar) jarimaga tortilishi mumkin.

Oradan ancha vaqt o‘tib, kayfi tarqagan qoidabuzar mastligining sababini tushuntirib berdi: bir necha kun oldin sevgan qizi uni tashlab ketgan ekan.
Piyodalar o‘rtasidagi alkogol rekordi 2013 yili Polshada o‘rnatilgan edi. Alfreduvka qishlog‘ida yashovchi 40 yoshli erkakning qonida 13.74 promille alkogol borligi aniqlandi. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Top