14:43 / 09.07.2015
15731

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining rasmiy veb sayti ochildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining rasmiy veb sayti – www.vakillik.uz sayti faoliyat boshladi.

Mazkur veb saytdan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi faoliyati, Toshkent shahri masjidlari imom-xatiblarining dolzarb mavzudagi maqola va videoroliklari, Toshkent shahrida joylashgan masjidlar va ularning tarixi haqidagi ma'lumotlar, shuningdek, yurtimiz va jahon islom olamidagi yangiliklardan xabardor bo‘lib borish mumkin.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunovning www.vakillik.uz saytining faoliyati munosabati bilan bildirilgan tabrik so‘zida veb saytning maqsadi haqida quyidagilar keltiriladi:

Yurtimizda musulmonlarning diniy savodini oshirib borishda, musaffo islom ta'limotini yetkazishda diniy-ma'rifiy sohada chop etilayotgan adabiyotlar, risolalar bilan bir qatorda internet saytlarining faoliyati ham alohida ahamiyatga ega. Zero bugungi axborot texnologiyalari jadal sur'atlarda o‘sib borayotgan bir vaqtda axborot va bilimlarni yangicha uslub va vositalar orqali yetkazish bu boradagi ishlarning samaradorligini belgilab beradi.

Muborak Ramazoni sharif oyida mazkur yo‘nalishdagi yana bir kichik urinish, ya'ni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi rasmiy veb sayti – www.vakillik.uz faoliyat boshlashi bilan barchangizni qutlaymiz! Bundan ko‘zlangan maqsad sog‘lom va mustahkam e'tiqod asosida xalqimiz, ayniqsa, ertangi kunimiz egalari bo‘lgan – yoshlarimiz ongida g‘oyaviy bo‘shliq paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni turli yot g‘oyalar hamda asossiz ta'limotlar ta'siridan himoya qilishdir. Bu o‘rinda islomiy tafakkurni shakllantirish muhim o‘rin tutadi. Zero dinimiz aqlga, tafakkurga katta e'tibor bergan.

Top