22:33 / 10.07.2015
7532

Hindiston va Pokiston ShHTga qabul qilindi

Ufada 10 iyulda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit boshlangunga qadar unga 6 davlat: O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a'zo edi. Sammitda raislik qiluvchi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pokiston va Hindistonning tashkilotga teng huquqli a'zolar sifatida qabul qilinishi jarayoni boshlanganini e'lon qildi.

Shuningdek, Belarus maqomi ham o‘zgardi: endi bu davlat tashkilotning hamkor davlat sifatidagi maqomidan kuzatuvchilar toifasiga o‘tkazildi va endi sammitlarda Eron, Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston bilan bir qatorda shunday maqomda ishtirok eta oladi. Shuningdek, Armaniston, Ozarboyjon, Nepal va Kamboja suhbat bo‘yicha hamkor maqomini olib, Turkiya va Shri-Lanka safiga qo‘shilishdi.

Sammit boshlanishidan avval ShHTga a'zo davlatlar vakillari sammitda tashkilotga Pokiston va Hindistonning qabul qilinishi jarayoniga start berilishi haqida gapirayotgan edilar. Biroq sammit kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vladimir Putin bilan uchrashuvi davomida bir narsaga aniqlik kiritishni so‘radi. “Agar Hindiston va Pokiston oddiy mamlakatlar emas, balki yadroviy qurolga ega bo‘lgan mamlakatlar deb hisoblansa, ularning ShHTga qabul qilinishi jarayoni qanday boradi? Bu jihatdan qaralsa, ularning ertaga ShHT tarkibiga kiritilishi nafaqat siyosiy xaritani, balki, fikrimcha, kuchlar tahsimlanishini ham o‘zgartirishi mumkin”, deb aytdi Karimov Putinga.

Bu masala ShHTning yig‘ilishlari boshlanguncha ertalab muhokama qilindi hamda barcha yetakchilar kengaytirilgan majlisga yig‘ilishib, Pokiston va Hindistonni ShHTga qabul qilishga qaror qilishdi.

Hindiston va Pokistonning ShHTga kirishi bilan tashkilotga a'zo davlatlar hududida yashovchi aholi butun dunyo aholisining 42 foizini tashkil qildi. ShHTga qo‘shilgan davlatlar yetakchilari – Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif o‘z mamlakatlarining tashkilotga qabul qilinganlari uchun minnatdorchilik bildirishdi. Modi o‘zining pokistonlik hamkasbini tashkilotga qabul qilingani bilan tabrikladi, biroq undan javob tabrik olmadi.

Dehli va Islomobod ShHTning to‘laqonli a'zosiga aylanishlari uchun 28 ta hujjat, jumladan uzoq muddatli do‘stona qo‘shnichilik kelishuvini ratifikatsiya qilishlari kerak bo‘ladi. Bu kelishuvning 5-moddasida tomonlar chegaralarning daxlsizligi tamoyilini hurmat qilishlari, “chegara hududlaridagi harbiy sohada ishonchning mustahkamlanishiga” faol ravishda o‘z kuchlarini ishga solishlari aytilgan.

Top