10:53 / 10.07.2015
8254

Pentagon Quruqlik qo‘shinlaridan 40 ming nafar xizmatchi ishdan bo‘shatilishi haqidagi ma'lumotni tasdiqladi

Pentagon matbuot xizmati biroz oldinroq OAVda yaqin yillar ichida Quruqlik qo‘shinlari piyoda askarlari soni 490 ming nafardan 450 ming nafargacha tushirilishi haqida tarqalgan xabarni tasdiqladi.

AQSh Mudofaa vazirligida aniqlik kiritilishicha, bu jarayon 2016-2017 yilgi Moliya yili doirasida amalga oshirilib, 2018 yilning sentabrigacha tugallanadi. Bundan tashqari bu davr mobaynida Mudofaa vazirligi fuqarolik xizmatidagi 17 ming nafar xodimni ishdan bo‘shatadi.

Xodimlar bo‘yicha bunday islohot AQShning ichkaridagi va tashqaridagi barcha bazalariga taalluqli bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, 2017 yilning oxirigacha harbiy brigadalar soni 45tadan 30tagacha tushiriladi. Vazirlikda aniqlik kiritilishicha, Alyaskaga joylashtirilgan "Elmendorf-Richardson" bazasidagi 3-harbiy brigada, 3-piyodalar diviziyasi, 4-havo-desant harbiy guruhi, 24-piyodalar diviziyasidagi xodimlar soni 4 barobarga kamaytirilib, har bir bo‘linmada 4000 nafardan 1050 nafari qoldiriladi.

Shuningdek, ba'zi bo‘linmalar boshqalari bilan birlashtirib yuboriladi. Xususan, 2-brigadaning mutaxassisligi o‘zgartirilib, 25-diviziya tarkibiga o‘tkaziladi. Bu bo‘linmadagi harbiy texnikalar AQSh Milliy gvardiyasi ixtiyoriga beriladi.

Biroz oldinroq, USA Today nashrida Iroq va Afg‘onistondagi urush vaqtida quruqlik qo‘shinlari askarlari soni 570 ming nafardan oshiq bo‘lgani haqida xabar qilingandi. Xorijdagi askarlar vatanga qaytishi bilanoq keng ko‘lamdagi qisqartirishlar boshlanishi aytilgan.

Top