22:04 / 10.07.2015
6144

Surxondaryo viloyatida qayta rekonstruksiya qilingan “Xonjiza” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ish boshladi

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida qayta rekonstruksiya qilingan “Xonjiza” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ish boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva, viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli insonlar etib voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini alohida ta'kidladi.

Mustaqillik yillari mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham zamonaviy ta'lim, tibbiyot muassasalari, muhtasham bolalar sporti inshootlari barpo etilayotgani farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda unib-ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda. Surxondaryo viloyatining tog‘li va g‘oyat so‘lim go‘shasida joylashgan “Xonjiza” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tarzda jihozlanishi bunga yaqqol misoldir.

– Yangi qiyofa kasb etgan oromgohda bolajonlar uchun barcha qulaylik yaratildi, – deydi “Xonjiza” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi direktori Rahmatulla Sohibov. – Barcha binolar tubdan rekonstruksiya qilindi, oshxona, ma'naviyat xonasi, kutubxona va dam olish xonalari zamonaviy usulda jihozlandi. Yangidan bunyod etilgan bolalar sporti inshooti o‘g‘il-qizlarimizning jismonan chiniqishiga xizmat qiladi.

Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan ushbu oromgohni qayta rekonstruksiya qilish va jihozlashga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi to‘rt milliard yuz million so‘m mablag‘ sarfladi. Basketbol, voleybol va futbol maydonlari, yopiq basseyn qurildi. Ayni paytda so‘lim oromgohda uch yuzga yaqin o‘g‘il-qiz miriqib hordiq chiqarayotir.

– Oltinchi sinfda o‘qiyotgan nabiram Nurbekning yozgi ta'til kunlarini maroqli o‘tkazishi uchun ushbu oromgohga yo‘llanma oldik, – deydi Qiziriq tumanidagi Zartepa mahallasida istiqomat qilayotgan Avaz Xoliqov. – Ko‘p yillar avval bu yerda bo‘lganman va o‘shanda sharoitlar haminqadar edi. Bugungi sharoit va qulayliklardan, ayniqsa, musaffo havodan bahri dilim yayradi. Yoshlariga shunday yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan Vatan fuqarosi ekanimdan faxrlanaman.

– Oromgohning salqin ob-havosi va betakror tabiat manzaralari menga juda yoqdi, – deydi Termiz shahridagi 1-umumta'lim maktabi o‘quvchisi Sardor Abdiyev. – Yangi do‘stlar orttirdim. Ular bilan so‘lim tog‘ qo‘yniga sayohatga chiqish, futbol, voleybol o‘ynab, basseynda cho‘milish o‘zgacha zavq bermoqda. Turli kitoblarni mutolaa qilib, bilimimizni yanada mustahkamlash uchun ham barcha qulaylik mavjud.

Manba: UzA

Top