03:19 / 11.07.2015
14061

Futbol tarixidagi eng qimmat darvozabonlar TOP-10

Eng qimmat darvozabonlar TOP-10 ligini hukmingizga havola qilamiz.

10. Petr Chex - 13 mln.evro (2004-yil)
Yo‘nalish: "Renn" - "Chelsi"


Londonning “Chelsi” jamoasi o‘z tarixidagi eng kuchli darvozabonlardan birini qo‘lga kiritish uchun 13 mln.evro sarflagandi. Chexiyalik posbon “Aristoratlkar”ning Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, Angliya chempionati kabi musobaqalarda zafar quchishiga katta xissa qo‘shdi. Afsuski ushbu mavsumda Chex zaxira o‘rindig‘iga “mix”lanib qoldi va katta ehtimolki u yangi mavsumni yangi jamoada boshlaydi.

9. Sebastyan Frey - 14 mln.evro (1998-yil)
Yo‘nalish: "Kann" - "Inter


1998-yilda “Inter” hammani ajablantirgan holda Fransiya quyi ligasi vakili “Kann” posboni Freyni 14 mln.evro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi. Biroq u raqobatda imkoniyatni boy beradi va ikkinchi mavsumni ijara asosida “Verona” klubida o‘tkazadi. Shundan so‘ng Frey yana bir mavsum “Inter” sharafini himoya qilgan.

8. Yan Oblak - 16 mln.evro (2014-yil)
Yo‘nalish: "Benfika" - "Atletiko" Madrid


Tibo Kurtuani “Chelsi”ga qaytarib bergach, “Atletiko” uning o‘rniga yangi posbonni portugaliya chempionatidan izlaydi va 16 mln.ga “Benfika”ning Sloveniyalik darvozaboni Oblakni qo‘lga kiritadi. Yan hozircha o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamoqda.

7. Angelo Perutstsi - 17.9 mln.evro (2000-yil)
Yo‘nalish: "Inter" - "Latsio"


XX asr oxirlarida “Inter” darvoza chizig‘ida kuchli raqobat yuzaga keldi. Natijada klub Perutstsini sotib yuborishga qaror qildi. Angeloni “Latsio” o‘z safiga qo‘shib oldi. Darvozabon Rimda o‘z o‘yini topib ketdi va klub safida 7 yil harakat qildi.

6. Angelo Perutstsi - 19 mln.evro (1999-yil)
Yo‘nalish: "Yuventus" - "Inter"


Angeloni “Inter” Turinning “Yuventus” klubidan 19 mln.ga sotib olgan edi. Ushbu transfer o‘shanda darvozabonlar uchun mutloq rekord edi. Afsuski Perutstsi Milan klubi safida o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q.

5. David De Xea - 20 mln.evro (2011-yil)
Yo‘nalish: "Atletiko" Madrid - "Manchester Yunayted"


Van der Saar faoliyatiga yakun yasaganidan so‘ng “Manchester Yunayted” unga o‘rinbosar sifatida “Atletiko”dan De Xeani olib keldi. Ispaniyalik darvozabon dastlabki mavsumlarda juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan edi. Biroq ushbu mavsum muxlislar haqiqiy Davidni ko‘rishdi. De Xea tufayli bu yil “Yunayted” bir nechta o‘yinlarda muxim ochkolarni qo‘lga kiritdi.

4. Sebastyan Frey - 21 mln.evro (2003-yil)
Yo‘nalish: "Inter" – “Parma”


“Inter”da o‘z o‘rnini topa olmagan Frey 2003-yilda “Parma”ga yo‘l oldi. Buning uchun Parmaliklar 21 mln.evroning bahridan kechishdi. U 4 yil mobaynida “Parma” darvozasini ishonchli tarzda qo‘riqlaydi va shundan so‘ng “Fiorentina”ga ijaraga berib yuborildi.

3. Franchesko Toldo - 26.5 mln.evro (2001-yil)
Yo‘nalish: "Fiorentina" - "Inter"


“Inter” darvozabonlarni sotib olish uchun pulni ayab o‘tiradiganlardan emas. “Neradzurrilar” 2001-yilda “Fiorentina”dan Toldoni sotib olishdi. Franchesko 4 mavsum jamoaning asosiy kiperi bo‘ldi. Biroq keyingi 5 mavsumda u ikkinchi posbonga aylanib qoldi. Toldo “A” seriyada o‘z nomini bir marta tabloga yozdirib qo‘yishga ham muvaffaq bo‘lgan.

2. Manuyel Noyyer - 27.5 mln.evro (2011-yil)
Yo‘nalish: "Shalke 04" - "Bavariya"


2011-yili “Bavariya” “Shalke 04”ning tinib-tinchimas darvozaboni Noyyerni qo‘lga kiritish uchun 27,5 mln.evro sarfladi. Myunxenliklar ushbu transferdan afsuslanishmasa kerak. Noyyer jamoaga deyarli barcha turnirlarda g‘olib chiqish uchun katta hissasini qo‘shdi. 2014-yil esa darvozabon uchun juda omadli keldi va “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish uchun yaxshigina imkoniyatga ega.

1. Janluidji Buffon - 52.88 mln.evro (2001-yil)
Yo‘nalish: "Parma" - "Yuventus"


Futbol tarixidagi eng qimmat darvozabon Buffon bo‘lib turibdi. “Yuventus” uni 2001-yili “Parma”dan sotib olgan edi. Mana oradan 13 yil vaqt o‘tti hamki, hech bir jamoa bitta darvozabon uchun hatto 30 mln.evro ham to‘lamayapti. Jan Luidji Turinliklar safida Italiyadagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. U hattoki “Yuve” “B” seriyaga tushirib yuborilganda ham o‘z sadoqatini namoyish qilib, jamoa bilan quyi ligada to‘p surdi. Buffon XXI asrning eng kuchli 3 ta darvozabonining biridir.

Furqat Yusupov
Manba: www.Furkat.uz

Top