12:50 / 13.07.2015
10006

Yozgi oromgohlarda 218 ming 497 nafar bola dam olmoqda

10 iyul kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Milliy matbuot markazida "2015 yilgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumining borishi to‘g‘risida" mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Matbuot xizmati xabar berdi.

Matbuot anjumanida dastlab, sog‘lomlashtirish tizimidagi yangicha yondoshuvlar haqida gap bordi va bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan doirasida 2015 yilgi mavsumga tayyorgarlik har doimgidan ertaroq boshlangani qayd etildi.

Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta'minlash bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan oromgohlarda bolalar xavfsizligini ta'minlash, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uzluksiz ravishda yetkazish, malakali kadrlarni jalb etish va oromgohlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan mavsumni namunali tashkil etish hamda uyushqoqlik bilan o‘tkazish ishlari muvofiqlashtirib kelinmoqda.

Barcha turdagi oromgohlar maxsus ishlab chiqilgan tavsiyalar, uslubiy-qo‘llanmalar, bolalar uchun mo‘ljallangan filmlar to‘plamidan iborat kompakt-disklar, madaniy-ma'rifiy va sport tadbirlari uchun ssenariylar to‘plamidan iborat kitoblar bilan ta'minlandi. Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va hududiy kasaba uyushma tashkilotlarida tezkor shtablar shakllantirildi.

2015 yilda 1 ming 149 ta oromgoh faoliyat ko‘rsatishi rejalashtirilgani holda, amalda ayni kunda  1 ming 167 ta oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada oromgohlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 100 taga ko‘paydi. Ulardan 208 tasi statsionar, 818 tasi kunduzgi, 141 tasi “Mehnat va dam olish” oromgohlaridir. Sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan bolalar soni esa o‘tgan yilga nisbatan qariyb 10 ming nafarga ortib, 287 ming 171 nafarni tashkil etdi.

O‘tgan yillarga nisbatan ixtisoslashtirilgan oromgohlar soni ham bir necha barobarga ortib, joriy yilda 224 ta (reja 220 ta) ixtisoslashtirilgan oromgohlar faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘smirlarni hordiq bilan qamrab olish maqsadida tashkil etilgan “Mehnat va dam oldirish” oromgohlari soni qariyb 10 taga ko‘paydi va hududlarda 141 ta shu turdagi oromgohlar faoliyat ko‘rsatdi.

Bugungi kunda yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Ayni kunga qadar oromgohlarda 218 ming 497 nafar bola sog‘lomlashtirildi. Bu rejaga nisbatan 76,1 foizni tashkil etadi.

Hududlarda mavsumning 2 va 3 navbatlari davom etmoqda.

Oromgohlarda bolajonlarning har tomonlama xavfsizligini ta'minlash masalasi eng asosiy masala sifatida doimiy diqqat markazida bo‘lib, har bir oromgohda ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, tibbiyot, energetika, kommunal soha xodimlarining tunu kun navbatchiligi o‘rnatilgan. Shuningdek, oromgohlarda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash maqsadida 1 ming 600 nafardan ortiq ichki ishlar idoralari xodimlari biriktirilib, ularga xizmatda foydalanish uchun 670 ta avtotransport va 857 ta aloqa vositalari ajratib berilgan. Bolalar salomatligini muntazam nazorat qilib borish maqsadida oromgohlarga 1,5 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlari, tez tibbbiy yordam mashinalari biriktirilgan. Har bir oromgoh belgilangan miqdordagi dori-darmonlar, maxsus zardob dori vositalari bilan ta'minlangan.

Oromgohlarga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati qat'iy nazorat ostiga olingan. Barcha oromgohlar zarur aloqa va transport vositalari bilan ta'minlangan. Mavsum davomida kam ta'minlangan oilalar farzandlari, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va turli sohalarda mehnat qilayotgan ijtimoiy himoyatalab xodimlar farzandlarini imtiyozli sog‘lomlashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati natijasida joriy yilda sog‘lomlashtrilishi rejyelashtirilgan 287 ming nafardan ortiq bolaning barchasi imtiyozli sog‘lomlashtiriladi. Chunki, ishlovchi ota-onalar o‘zlari mehnat qilayotgan korxona va tashkilotlar kasaba uyushma qo‘mitasi orqali yo‘llanma narxining 27,5 – 30 foiz miqdoridagi qiymatini to‘laydilar xolos.

Yuqorida tilga olingan toifadagi oilalar farzandlariga esa bepul va imtiyozli asoslarda yo‘llanmalar berilmoqda. Bunday imtiyozdan bu yil jamoa shartnomalari orqali mehnatkashlarning 50 ming nafardan ortiq farzandlari foydalanmoqdalar. Ayni kungacha esa yuqoriroq ijtimoiy himoyatalab mehnatkashlarning 42 ming nafardan ortiq farzandlari turli hududlardagi oromgohlarda bepul va imtiyozli dam oldirildi. 4 500 nafar Orolbo‘yi mintaqasi, ya'ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bolalarining bepul dam oldirilishi tashkil etildi. Mavsum boshidan buyon bugungi kunga qadar 2 ming 480 nafar Orolbo‘yi bolalari Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi korxona va tashkilotlarga qarashli eng so‘lim va bahavo oromgohlarda bepul dam oldirildi. Ularning kelib-ketishi bilan bog‘liq yo‘l harajatlari ham bepul tashkil etib berildi.

Shuningdek, 2 ming 180 nafar Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari (reja 2 ming nafar), 50 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan bepul dam oldirilmoqda.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamkorligida bugungacha mahallalardagi kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyatalab oilalarning 1356 nafar (reja 600 nafar) farzandi bepul dam oldirish va sog‘lomlashtirish bilan qamrab olindi. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo  va Uzun tumanlaridan 100 nafar bolaning Samarqand viloyatidagi “Zolotinka” oromgohida bepul hordig‘i tashkil etildi.

Kasaba uyushmalari tizimidagi «Chinobod», «Oqtosh», «Bo‘ston», «Zomin» kabi sanatoriylarda “Ona va bola” yo‘llanmalari asosida 1600 nafardan ortiq (reja 2 ming nafar) bolajonlarning ota-onalari bilan birgalikda sog‘lomlashtirilishi ta'minlanmoqda.

Kasaba uyushmalari tasarrufidagi “Quyoshli” oromgohida Respublika “Intellektual rivojlantirish” oromgohi tashkil etilib, unda “Bilimlar bellashuvi” hamda fan olimpiadalari g‘oliblari bo‘lgan 500 nafar bola ustozlari bilan birgalikda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan bepul sog‘lomlashtirilmoqda.

Bu turdagi oromgohlarda bir yoki bir nechta fanlar, horijiy tillar chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganilishiga e'tibor berilmoqda.Turli fanlar yo‘nalishlarida tabiat qo‘ynida mahorat darslari tashkil etilib, olimlar, yozuvchi va shoirlar, adabiyot va san'at namoyondalari, fan arboblari bilan suhbat va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

“Mehnat va dam oldirish” oromgohlari

Ma'lumki, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar jalb etiladi. O‘smir yoshidagi o‘g‘il-qizlarning ham maroqli hordig‘ini ta'minlash maqsadida Kasaba uyushmalari, mahalliy hokimliklar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazlari hamda korxona, tashkilot va muassasalar, fermer xo‘jaliklari hamkorligida 141 ta “Mehnat va dam oldirish” oromgohlari tashkil etildi. Mazkur turdagi oromgohlarga akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining 15-18 yoshdagi o‘quvchilari jalb etildi. Ularda bugungacha 5 ming 240 nafar litsey va kollej o‘quvchilari mazmunli xordiq chiqarish bilan birga ijtimoiy foydali mehnat ko‘nikmalarini o‘zlashtirdilar hamda tanlagan kasb-hunarlari bo‘yicha amaliyot o‘tdilar.

Harbiy-sport oromgohlari

O‘zbekistonning har bir hududida avgust oyidan boshlab Kasaba uyushmalari, Ichki ishlar vazirligi, “Kamolot” YoIH hamkorligida voyaga yetmaganlar komissiyasi hisobida turuvchi bolalar uchun Harbiy-sport oromgohlari tashkil etiladi. Ularda 1684 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Hordiq davomida ular uchun pedagog-psixologlar ishtirokida turli seminar-treninglar, sport musobaqalari, jismoniy chiniqish mashqlarini o‘z ichiga olgan mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Texnik ijodkorlik yo‘nalishidagi oromgohlar

Respublika miqyosida tashkil etilgan 19 ta (reja 14 ta) Texnik ijodkorlik oromgohlarida 900 nafarga yaqin bolaning texnik ijodkorlik qobiliyati rivojlantirilib, texnik modellarni konstruksiyalash bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalar berilmoqda. Ushbu oromgohlarda hordiq davomida bolalar chizmachilik asoslari bilan tanishtirilib, tayyor chizma va shablonlar yordamida sodda modellar yasaydilar. “Kemasozlik”, “Aviamodelizm”, “Avtomodelizm” kabi to‘garaklarda ulargsha malakali mutaxassislar mashg‘ulotlar o‘tmoqda.

Badiiy ijodkorlik yo‘nalishidagi oromgohlar

Joriy yilda 19 ta (reja 14 ta) Badiiy ijodkorlik oromgohi tashkil etildi. Ularga  846 nafar bola jalb etilib, mazmunli hordiq chiqarmoqdalar. Ushbu oromgohlar faoliyati bolalarni ijodga qiziqtirish,  badiiy saviyasini oshirishga yo‘naltirilgan.

Ijtimoiy moslashuv oromgohlari

Bugungacha respublika miqyosida 13 ta Ijtimoiy moslashuv oromgohi (reja 8 ta) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 1200 ta bola sog‘lomlashtirilmoqda. Bu turdagi oromgohlarga Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, maktab-internatlar o‘quvchilari, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar jalb etilmoqda. Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlar dala hovlilarida tashkil etilgan mazkur oromgohlar bolalarning salomatligini mustahkamlash bilan birga ularda yetakchilik va faollikni, ijtimoiy moslashuv ko‘nikmalarini shakllantirish, qo‘shimcha ta'lim-tarbiya berishga yo‘naltirilgan.

Kunduzgi oromgohlar

Bolalarni sog‘lomlashtirish bilan qamrab olish qo‘lamini yanada kengaytirish maqsadida tegishli shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan maktablar, akademik litseylar va kollejlar qoshida kunduzgi oromgohlar tashkil etildi. Ularda bolalar kun davomida dam olish bilan birga madaniy-ma'rifiy tadbirlar bilan qamrab olinmoqda. Madaniyat va istirohat hamda hayvonot bog‘lariga sayohatlar uyushtirilmoqda. Joriy yilda kunduzgi oromgohlar faoliyatini takomillashtirish, mazmunan boyitishga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, kunduzgi oromgohlarning kunlik faoliyati tajriba sifatida soat 8.00 dan 14.00 gacha yozgi maydoncha sifatida tashkil etildi. Bu turdagi oromgohlarda maxsus dasturlar asosida bolalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilib, to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bolalar bir mahal issiq ovqat bilan ta'minlanmoqda.

Tarbiyaviy ishlar sifatini oshirish

Oromgohlarda hordiq mazmuni boyitilib, ta'lim-tarbiya ishlari sifati oshirilishiga erishildi. Xususan, oromgohlar faoliyatini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilgan tahlillar natijasida yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari uchun bolalarga mos qo‘shiq, she'r va musiqalarga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan edi. Bundan kelib chiqib, joriy yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan bir qator manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida Respublika ijodiy tanlovi tashkil etildi.

Mazkur tanlovga taqdim etilgan 600 dan ortiq ijodiy ishlar orasidan tanlab olingan 30 dan ziyod qo‘shiq, 100 dan ortiq she'rlar bugun oromgohlardagi tarbiyaviy ishlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, oromgohlarda milliylik hamda  vatanparvarlik ruhiga yo‘g‘rilgan kuy va qo‘shiqlar, filmlardan foydalanish maqsadida ular asosida barcha oromgohlar uchun bolalarbop she'r, kuy va qo‘shiqlardan iborat disklar, “Yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari uchun tadbirlar ssenariylari” to‘plamlari ishlab chiqilib, dam olish maskanlariga yetkazildi.

Maxsus tayyorlangan uslubiy qo‘llanmalar, tavsiyalar bugungi kunda barcha oromgohlar faoliyatini takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bolalar uchun maxsus yaratilgan 37 nomdagi badiiy, hujjatli va multiplikatsion filmlar namoyish etib borilmoqda.

Oromgohlarda 23 ming nafardan ortiq malakali pedagog kadrlar, sport yo‘riqchilari, to‘garak rahbarlari, madaniyat xodimlari bolalar iqtidorini rivojlantirish, ma'naviyatini yuksaltirish, ular ongiga vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish yo‘nalishidagi ishlarni olib bormoqda.

Har bir oromgohda 10 dan ortiq to‘garaklar bilan birga chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha maxsus to‘garaklar faoliyati tashkil etildi.

Oromgohlar moddiy-texnik negizini mustahkamlash

Ushbu hujjatga muvofiq har yili Respublika miqyosida50 gayaqin oromgohlarning moddiy-texnik negizi mustahkamlanmoqda. Yurtimizda mavjud oromgohlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy dam olish maskanlariga aylantirishga qaratilayotgan yuksak e'tibor natijasida oromgohlar yildan-yilga yangilanib bormoqda.

Masalan, 2012 yildan buyon qabul qilinayotgan Manzilli dasturlar asosida 9 ta oromgoh yangidan qurildi, 27 ta oromgohda rekonstruksiya ishlari olib borildi va 45 ta oromgoh kapital ta'mirlandi. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida «Nihol», Navoiy viloyatida «Ishonch», Namangan viloyatida «Kamalak», «Norin», Samarqandda «Chorchinor», Xorazmda «Shodlik», Qashqadaryoda Mirzo Ulug‘bek nomli, Surxondaryo viloyatida “Xonjiza” kabi yangi oromgohlar, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan Jizzaxda «Istiqlol», O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Bo‘stonliq tumanida «Oqtosh», «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi tomonidan Jizzaxda Amir Temur nomli oromgohlar barpo etildi.

Mazkur bunyodkorlik ishlari natijasida, oromgohlardagi o‘rinlar qariyb 5 mingtaga ko‘paydi.

2015 yilgi Manzilli dasturga muvofiq 49 ta oromgohda qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu jumladan 2 ta yangi oromgoh qurildi, 9 tasi oromgoh rekonstruksiya qilindi va 24 ta oromgoh kapital ta'mirlandi.

Sog‘lomlashtirish ishlarini doimiy muvofiqlashtiruvchi Shtab

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashida hamda hududiy kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalarida mavsumning borishini doimiy muvofiqlashtirib boruvchi maxsus Shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Federatsiya Kengashi hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislaridan tashkil topgan Ishchi guruhlari tomonidan har bir hududdagi oromgohlar faoliyatini o‘rganish va joyida amaliy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ishchi guruhlarining tahliliga asosan har bir smena yakuni bo‘yicha hududiy Muvofiqlashtiruvchi guruhlarning kengaytirilgan majlislari o‘tkazib borilayotgani joylardagi sog‘lomlashtirish ishlari sifati va samaradorligini oshirmoqda.

Top