14:10 / 14.07.2015
2067

BlackBerry rahbari: kompaniya smartfonlar bozorini tark etmaydi

CBC telekanali o‘zining saytida BlackBerry kompaniyasining bosh direktori Jon Chen bilan o‘tkazgan intervyusini joylashtirdi. Chen intervyusida kompaniya smartfonlar bozorini tark etmasligini aytib o‘tdi.

“Mening BlackBerry’ni sotish niyatim yo‘q. BlackBerry aksionerlari o‘z aktivlarining yaxshi narxiga ega bo‘lgunlariga qadar shunday bo‘lib qoladi”, deb aytdi Chen.

Chen BlackBerry moliyaviy pasayish sharoitida yirikroq va muvaffaqiyatliroq korporatsiyaga sotib yuborilishi mumkinligi haqidagi ko‘plab tarqalgan gaplarga javoban shunday dedi. Xaridorlar orasida Samsung, Lenovo va boshqa kompaniyalar nomlari ham tilga olingan edi.

2013 yilda BlackBerry shaxsiy investorga sotilishiga bir bahya qolgan, biroq kompaniya o‘zining mustaqilligini saqlab qolgan va e'tiborni dasturiy ta'minotga qaratib, o‘z biznesini mustahkamlashga kirishgan. Kompaniya o‘z e'tiborini dasturiy ta'minot bozoriga qaratganiga qaramasdan, smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatini tugatmoqchi emas.

Chenning aytishicha, BlackBerry dunyodagi eng xavfsiz smartfonlarni ishlab chiqaradi, bu smartfonlardan ko‘plab davlat amaldorlari foydalanadi. Bundan tashqari, BlackBerry brendi smartfonlar bozorining asoschilaridan biri hisoblanadi, deb ta'kidlamoqda Kanada kompaniyasining rahbari.

2016 yilning mart oyigacha davom etadigan joriy moliyaviy yilda BlackBerry dasturlar sotish orqali 500 mln dollar foyda olishga umid qilmoqda. Agar kompaniyaning dastur sotishdan 1-chorakda olgan foydasi ikki barobarga oshib, 137 mln dollarga yetgani hisobga oladigan bo‘lsa, u bu maqsadiga bemalol erisha olishi mumkin.

Top