19:04 / 14.07.2015
6041

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga hozirgacha 300 mingdan ortiq abituriyentlar hujjat topshirdi

Bugungi kunda 2015/2016 o‘quv yili uchun respublika oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayonlari ketmoqda. Joriy yilda bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi bo‘limlarga umumiy qabul kvotasi 57907, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 19120 va to‘lov-kontrakt asosida 38787 nafar miqdorida belgilangan.

DTM saytidagi maxsus sahifada keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur xabar kiritilayotgan vaqtda hujjat topshirgan abituriyentlar soni butun respublika bo‘ylab, 305 392 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda xushnudbek.uz sayti xabar berdi.

Ayni vaqtda respublika bo‘yicha Termiz davlat universitetiga eng ko‘p hujjat topshirilgan - 18 ming 303 nafar. Bu oliygohda talabalar qabul qilish uchun 1662 o‘rin mavjud bo‘lib, konkurs ko‘rsatkichi bir o‘rin uchun 11,01 miqdorida bo‘lib turibdi.

Bu boradagi kuchli beshlikda Jizzax davlat pedagogika instituti (13773 nafar abituriyent, 1615 o‘rin va 8,53talik konkurs), Andijon davlat universiteti (12319 nafar abituriyent, 1400 o‘rin va 8,80talik konkurs), Qarshi davlat universiteti (12138 nafar abituriyent, 1280 o‘rin va 9,48talik konkurs) hamda Samarqand davlat universiteti (11432 nafar abituriyent, 1615 o‘rin va 7,08talik konkurs) kabi Oliy ta'lim muassasalari o‘rin olgan.

Eng katta o‘rtacha tanlov esa, har yilgidek Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialiga bo‘lib turibdi. Hozircha mazkur OTMga ajratilgan bitta o‘ringa o‘rtacha 15,6 kishi da'vogarlik qilmoqda.

Aytib o‘tish joizki, o‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etilgan edi. Ya'ni 543 ming nafardan ko‘proq abituriyent talabalik baxtiga musharraf bo‘lish uchun o‘z omadini sinab ko‘rishga ahd qilgan edi. Bu bir o‘rin uchun o‘rtacha 9,4 kishi da'vogarlik qilgan deganidir.

Top