09:49 / 15.07.2015
2699

Hindistonda diniy bayram paytida yuzaga kelgan tiqilinch oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Andxra Pradesh shtatidagi Rajamandri shahrida diniy bayram o‘tkazilishi paytida yuzaga kelgan tiqilinchda 27 kishi halok bo‘ldi, ulardan 13 nafari ayollar bo‘lgan. Yana 40 kishi jarohat oldi.

Voqea mahalliy vaqt bilan soat 07:30 va 08:00 orasida sodir bo‘ldi. Ko‘p sondagi odamlar Godavari daryosida tahorat olish uchun boriladigan zinalarda to‘planishdi. Bir necha kun davomida daryoning suvi ilohiy deb hisoblanadi. Daryoga uchta darvozadan kiriladi, aynan ular oldida katta sondagi olomon yig‘ilgan. Fojia shu darvozalar ochilgan paytda bir ayol olomon bosimi ostida oyoqda tura olmay yiqilganidan keyin yuz bergan.

Huquq-tartibot muassasalarining aytishicha, olomonda bir millionga yaqin odam bo‘lgan. Bayramning keyingi kunlari yana 40 mln ga yaqin ziyoratchi kelishi kutilmoqda.

Shahar ma'muriyati halok bo‘lganlarning tanalari mahalliy shifoxonaning o‘likxonasiga, jarohat olganlar esa qo‘shni shifoxonaga yetkazilganlarini ma'lum qildi.

“Hozircha 27 kishi halok bo‘lgani haqida ma'lumot bor, ulardan ko‘pchiligini keksa ayollar tashkil qilmoqda”, deb aytmoqda shahar ma'muriyati vakili.

Qayd etilishicha, ko‘pchilik ziyoratchilar marosimning boshlanishidan ancha avval kelib, ancha holdan toygan bo‘lgan.

Marosimga Andxra-Pradesh shtati rahbariyati boshlig‘i Chandrababu Naydu ham bir necha marta tashrif buyurib, daryoda tantanali yuvinish marosimida ishtirok etdi. Fojiadan keyin Naydu qurbonlar oilalariga o‘z ta'ziyasini bildirdi. Naydu qutqaruv xizmatlari harakatlari uning shaxsiy nazoratida ekanligini va halok bo‘lganlar oilalariga 100 ming rupiydan moddiy yordam ajratilishini ma'lum qildi.

Shu bilan birgalikda, shtat rahbari barcha ziyoratchilardan bunday noxush voqealar sodir bo‘lmasligi uchun daryoga tushayotgan paytda navbatga rioya qilishni so‘radi.

Godavari daryosida yuvinish marosimi 12 yilda bir marta amalga oshiriladi. Bu yilgi marosim astronomik nuqtai nazardan ayniqsa juda qimmatli hisoblanadi, chunki bu yilgi bayram 144 yilda bir marta keladigan Maxa Pushkaralu bayrami bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Top