12:55 / 16.07.2015
3957

Donbass ustida urib tushirilgan Boeing yo‘lovchilarining qarindoshlari Strelkovni sudga berdi

O‘tgan yilning iyul oyida Donbass ustida urib tushirilgan Boeing MH-17 samolyotida halok bo‘lgan yo‘lovchilarning qarindoshlaridan iborat 18 oila nomidan Chikago sudiga Rossiya fuqarosi, Ukrainadagi ayirmachi kuchlarning sobiq rahbari Igor Strelkov (Girkin) da'vo arizasi topshirildi. The Telegraph nashrining yozishicha, olti oila vakillari Buyuk Britaniya fuqarolaridir.
Strelkov samolyotni o‘qqa tutishni tashkillashtirishda va bu bilan 298 kishining o‘limiga sababchi bo‘lishda ayblanmoqda. Da'vogarlar Strelkovdan 900 mln dollar miqdorida tovon puli talab qilmoqda.
Arizada aytilishicha, 17-reys Girkin boshchiligidagi ayirmachilar harbiy harakatlarni amalga oshirayotgan hududdan uchib o‘tayotganida urib tushirilgan. Rossiya ijtimoiy tarmoqlaridan birida Girkin hatto javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani aytilmoqda. Ta'kidlanishicha, Strelkov uni Ukrainaning An-26 samolyoti bilan adashtirib yuborgan.
“Biz ularni ogohlantirgandik, osmonimiz ustidan uchmang deb”, – degan ekstremist ijtimoiy tarmoqdagi sharhida.
Shuningdek, da'vogarlar Kremlni jinoyatning ishtirokchilari deb hisoblamoqda. “Uning xatti-harakatlari Rossiya hukumati vakillari tomonidan ma'qullangan edi”, – ta'kidlanadi hujjatda.

Top