01:44 / 16.07.2015
9928

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan jinoyatchi Manxettenda uch marta bankni tunab ketdi

O‘zbekistonning sobiq fuqarosi, hozirda AQShda yashayotgan Leonid Kaziyev 13 iyul kuni Nyu-Yorkning Kuins tumanida bankni tunashga gumon qilinib qo‘lga olindi, deb aytmoqda Nyu-Yorkning Janubiy okrugi prokurori Prit Bxarara.

“Taajjubki, hozirgi elektron bank xizmatlari davrida hali ham eski uslubdagi bosqinchiliklar uchrab turadi”, deb aytmoqda Bxarara. FQB direktori yordamchisi Diyego Rodrigesning aytishicha, Kaziyev bankka bostirib kirib, bank xodimlariga qurol bilan tahdid qilib, naqd pul talab qilgan. “Bu xavfli vaziyat bir marta sodir bo‘lmagan, kamida uch marta takrorlangan”, deb aytmoqda Rodriges.

“Leonid Kaziyev kelib chiqishi o‘zbekistonlik, biroq AQSh fuqarosi hisoblanadi”, deb aytdi Bxarara.

FQB ma'lumotlariga ko‘ra, Kaziyev 2014 yilning dekabrida va 2015 yilning iyunida Nyu-Yorkning Beshinchi avenyusida joylashgan HSBC bankining aynan bitta bo‘limini ikki marta tunagan. Shuningdek, jinoyatchi Brodveyda joylashgan Bank of America ga ham hujum qilgan. Har gal Kaziyev 10 ming dollardan ko‘proq pulni qo‘lga kiritgan. “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” deganlaridek, o‘g‘ri avtomobillarning raqamlarini qayd qiluvchi politsiya kamerasi evaziga aniqlandi. Aniqlanishicha, bosqinchi jinoyat joyiga o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan avtomobilida kelgan.

Kaziyevga bankni tunash bo‘yicha 3 ta holat bo‘yicha ayblov qo‘yilmoqda, har bir holat bo‘yicha unga 20 yil qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin. U shuningdek, qurol bilan tahdid qilish bo‘yicha ayblanmoqda – har bir isbotlangan shunday holat bo‘yicha u 7 yildan tortib umrbod qamoq jazosiga tortilishi mumkin.

Top