17:26 / 16.07.2015
5839

Kollejni bitiriboq turmush qurganlar va qarindoshlar o‘rtasidagi quda-andachilik tanqid ostiga olindi

O‘zbekistonda o‘rta-maxsus bilim yurtini bitiriboq uylangan yigitlar va turmushga chiqayotgan qizlar tanqid ostiga olindi. Bu haqda maqola «Oila davrasida» gazetasida chop etilgan.

«Oila qanchalik muqaddas ekanini bilmaydigan yoki u haqda to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan yoshlar hali ulg‘aymasdan achchiq qismat domiga tushib qolayotgani naqadar achinarli. Afsuski, yoshlarning bunday ahvolga tushishlariga ba'zan o‘z ota-onasi va yaqinlari sababchi bo‘lmoqda. Ular farzandi yosh bo‘lishiga qaramasdan uni uzatish, uylantirish harakatiga tushib qolishadi. Hali og‘zidan ona suti ketmagan yoshlarning zimmasiga oila degan muqaddas va o‘ta mas'uliyatli burchni yuklaydi. Kollejni endigina tamomlab, oliy o‘quv yurtida o‘qishni niyat qilib turgan yigit qaysidir qarindoshining qiziga sovchi kelayotgani uchungina (o‘sha qizdan quruq qolib ketmaslik ilinjida) bo‘yniga «olaxurjun»ni osishga majbur etilishini qanday izohlash mumkin?», deb yoziladi maqolada.

Shuningdek maqolada yaqin qarindoshlar o‘rtasida qayd qilinayotgan nikohlar ham keskin tanqid ostiga olib o‘tilgan. «Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida yaqin qarindoshlar bilan quda-andachilik rishtalarini bog‘laydiganlar yo‘q emas. Bu bilan o‘z farzandimiz orzu-umidlarini hoyu havaslarimizga almashtirib yuboramiz. Axir, oila sevgi-muhabbat, ishonch asosida barpo etilmaydimi? Qarindoshchilik aloqalarini boshqa yo‘l bilan mustahkamlasa bo‘lmaydimi? Axir, farzand qaysidir manfaat yo‘lida qurbon qilinadigan bir buyum emas-ku. Yoshlarning ham o‘z mustaqil fikri, orzu-havaslari borligini nahot inkor eta olsak?!», deb alohida ta'kidlanadi.

Top