11:15 / 16.07.2015
9475

Samarqand viloyatida bolalar mehnatidan noqonuniy foydalanish faktlari qayd qilindi

Bir qator seminar muhokamalaridan so‘ng paxta kampaniyasi chog‘ida 18ga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish qat'iyat taqiqlanganiga qaramay, bunday holatlar haligacha qayd qilinmoqda. Bu haqda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Samarqand viloyat boshqarmasi davlat huquqiy inspeksiyasi boshlig‘i Laziz Qarshiyev bayonot berdi.
“Afsuski, tungi klublarda, kafe va restoranlarda ishlayotgan o‘smirlarni ko‘p ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan yili bolalar mehnatidan foydalanishga doir 17 fakt qayd qilindi. Ularning ish beruvchilar umumiy miqdorda 12.693 mln so‘m jarimaga tortildi. Joriy yilda hozircha bunday holatlardan bittasi qayd qilindi”, – deydi inspeksiya boshlig‘i.
Shuningdek, Qarshiyevning so‘zlariga qaraganda, boshqarma boshqa yo‘nalishlarda ham ish olib bormoqda.
“Viloyat boshqarmasiga noqonuniy ishdan bo‘shatishlar haqidagi arizalar kelib tushmoqda. 2014 yili 89ta shunday ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 63tasi ijobiy hal qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida 37ta holat qayd etildi. Ulardan 23tasida xodimlar asossiz ishdan bo‘shatilgani aniqlandi”, – uning so‘zlarini keltiradi “Samarkandskiy vestnik” nashri.

Top