18:36 / 17.07.2015
4523

Germaniya kompaniyasi bilan O‘zbekistonda sement ishlab chiqaruvchi yangi korxonalarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi

Joriy yilning 15 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Qo‘mita raisi Davron Xidoyatovning «Heidelberg Cement AG» kompaniyasi vakili Roman Kempe bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda Davlat raqobat qo‘mitasining rahbarlari va mas'ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tashrifning maqsadi O‘zbekistonda sement ishlab chiqaruvchi yangi korxonalarni yaratish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Germaniyaning qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Heidelberg Cement AG» kompaniyasi sement (1 o‘rin) va beton (3 o‘rin) ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan hisoblanadi. Kompaniyaning 28 mingta korxonasi mavjud, bundan tashqari 40dan ortiq mamlakatlarda o‘z vakolatxonalariga ega. O‘tgan yili kompaniyaning kapital aylanmasi 15 mlrd yevrodan oshib ketgan.

Uchrashuv davomida kompaniya vakiliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 28 apreldagi №PQ-2340-sonli “Iqtisodiyotda xususiy mulkchilikni ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, «Qizilqumsement» AJ davlat ulushini xususiylashtirish, xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilish va mulkdorlar shu jumladan xorijiy mulkdorlar huquqlarini kafolatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar berildi.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida «Heidelberg Cement AG» kompaniyasi tomonidan respublikada qurilish materiallarini (sement, beton va h.k.) ishlab chiqaradigan davlat korxonalari yoki xususiy korxonalarning aktivlarini sotib olish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Top