12:13 / 17.07.2015
3341

O‘zbekistonda shifoxonalar xavfsizligi oshirilmoqda

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi bilan hamkorlikda tibbiyot xodimlarini shifoxonalar xavfsizligi indeksidan foydalanishga o‘rgatish borasida o‘quv seminarlari o‘tkazdi. Bu haqda Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi sayti xabar bermoqda.

29 iyundan 3 iyulga qadar davom etgan safar chog‘ida xalqaro tashkilot mutaxassisi 13 nafar mahalliy ekspert bilan mashg‘ulot o‘tkazib, shifoxonalar xavfsizligi indeksi haqida tushuncha berdi. Ular qatorida shifoxonalar qurilishi va ularni jihozlashga ixtisoslashgan muhandislar, texnika muhandislari, elektr va suv ta'minoti, kanalizatsiya va isitish tizimlari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar bor edi.

Nazariy mashg‘ulotlardan so‘ng guruh Toshkentdagi uchta shifoxonada bo‘ldi. U yerda olingan bilimlar asosida axborot to‘planib, shifoxonalar xavfsizligida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda erishilgan yutuqlar borasida fikr almashildi.
Xalqaro mutaxassis tuzilgan ushbu guruh bundan keyin mustaqil ravishda shifoxonalarda xavfsizlik indeksiga rioya qilinishini tekshirishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi.

Top