20:55 / 17.07.2015
16368

Ramazon Hayitingiz muborak bo‘lsin!

Aziz vatandoshlar, muborak Ramazon oyi tugab, yurtimizga Ramazon hayiti – Iyd al Fitr bayrami kirib keldi.

Ramazon hayiti islomdagi eng muqaddas bayramlardan biri hisoblanib, bag‘rikenglik, birodarchilik va rahm-shafqat ramzi hisoblanadi.

Har bir musulmon bu muborak kunni intiqlik bilan kutadi.

Bu yili Ramazon oyi yilning eng issiq oylari – iyun-iyulga to‘g‘ri keldi. Bunday issiq kunlarda ko‘pchilik yurtdoshlarimiz Alloh taoloning marhamatiga erishish maqsadida 30 kun davomida, jazirama issiq kunlarga, kunning uzunligiga qaramasdan ro‘za tutishdi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) Ramazon oyining fazilatlari haqida shunday deydilar:
“Ro‘zadorni xursand qiladigan ikki quvonchi bor, biri iftori oldida, ikkinchisi Parvardigoriga yo‘liqqanida»

Butun dunyo musulmonlari Ramazon oyi davomida ulug‘ bayramni kutib, ro‘za amalini ado etdilar, taravveh namozlarida qoyim bo‘ldilar, o‘z dunyoviy hirslarini bosishga, ma'nan o‘sishga, muhtojlarga yordam berishga intildilar.

Hurmatli vatandoshlar! Ramazon oyi har birimizga haq yo‘ldan yurishga va ma'naviy barkamollikka erishishga imkon berdi. Ko‘pchilik dindorlar bu oyda o‘zlarining zararli odatlaridan forig‘ bo‘ldilar, o‘z oilalariga ko‘proq vaqt ajratishga harakat qildilar.
Shu fazilatlarni oddiy kunlarda ham saqlab qolishingizni tilab qolamiz.

Ramazon hayiti kelishi bilan qalbimizda ikki tuyg‘u kechadi. Birinchisi bu quvonch tug‘usi bo‘lsa, ikkinchisi shunday marhamatli oyning yakunlanganidan afsuslanish hissidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) Ramazon oyining ulug‘vorligi haqida shunday so‘zlarni aytganlar:

“Agar ummatlarim Ramazon oyining ular uchun qanchalik sharofatli va barakotli ekanini yaxshi bilganlarida edi, faqatgina shu bir oy emas, balki yilning qolgan hamma oylarida ham ro‘za bo‘lishini orzu qilgan bo‘lar edilar”.

Shunday muqaddas kun kirib kelayotgani bilan barcha yurdoshlarimizni, musulmon ahlini o‘z nomimizdan muborakbod etamiz.
Alloh barcha tavbalarimizni qabul qilib, haq yo‘lidan adashtirmasin. Qilayotgan ibodatlarimiz, xayrli amallarimizni o‘z dargohida qabul etsin. Bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni kechirsin.

O‘zbek xalqining har bir xonadonida fayzu-barokatlar arimasin, boshi to‘ydan chiqmasin, nimaiki ezgu niyatlari bo‘lsa ijobatini bersin. Barcha sog‘-salomat bo‘lib, keyingi yilga ham bag‘ri butunlikda ushbu muborak bayramni kutib olish nasib etsin.

Alloh, yurtimizni tinch, yanada obod va farovon, osmonimizni musaffo qilsin. Allohim, yurtimizni hasadgo‘ylar, yomon ko‘zlardan asrasin, ravnaqiga ravnaq, obro‘siga obro‘ qo‘shaversin.

Bu bayramning sharofati har bir uyga kirib borsin!

Top