19:13 / 19.07.2015
4939

Viner-Usmonova Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining kumush ordeni bilan taqdirlandi

Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi Irina Viner-Usmanova Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax tomonidan jahon sport harakatiga qo‘shgan ulkan xizmatlari va Olimpiya o‘yinlari ideallariga sadoqati uchun XOQning kumush medali bilan taqdirlandi.

Viner-Usmonovani taqdirlash marosimi Rossiya Olimpiya qo‘mitasida qo‘mita prezidenti Aleksandr Jukov, faxriy prezidenti Vitaliy Smirnov va boshqa mutassadi shaxslar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Irina Viner-Usmanova bu mukofotni butun jahon badiiy gimnastikasiga berilgan mukofot deb bilishini aytdi.

“Mening timsolimda butun jahon badiiy gimnastikasi taqdirlandi, deb hisoblayman. Biz nafaqat Rossiya badiiy gimnastikasini ko‘tarishga harakat qilamiz. Bizga raqiblar, raqobatchilar kerak. G‘alaba qilish uchun oldinga harakat qilish kerak. Shuning uchun bizda, Rossiyada ko‘plab davlatlar vakillari mashq qilishadi”, deb aytdi Viner-Usmonova.

Viner-Usmonova badiiy gimnastika Olimpiya o‘yinlari dasturida qolishiga umid bildirishini aytib o‘tdi.

Top