12:42 / 20.07.2015
4478

“Qarshi-Shahrisabz” yo‘nalishi bo‘yicha 127 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li ta'mirlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 iyulda imzolangan “Qarshi shahrining yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va qurilishining istiqbolli rejasi Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2010-sonli Qarori ijrosi yuzasidan “Qarshi-Shahrisabz” yo‘nalishi bo‘yicha 127 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li to‘liq ta'mirlanib, sement-beton qoplamali yo‘lga aylantirilmoqda.

Gap shundaki, vohadagi ikki qadimiy shaharni bog‘lab turgan – 4R-79 avtomobil yo‘lining Qarshi shahridan chiquvchi 0-10 km lari hamda ushbu yo‘nalishdagi - M-39 avtomobil yo‘lining Shahrisabz shahriga kiraverishdagi 1174-1185 km lari oralig‘ida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Kompaniyaning Avtomobil yo‘llaridan foydalanish va texnik holatini tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Husanovning xabar berishicha, qurilish ishlari “O‘zavtoyo‘l” DAK tizimidagi Avtomagistral birlashmasi ko‘prik qurilish uchastkasi hamda “Toshkentko‘prik” korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

“Ushbu avtomobil yo‘llarining bir tomonlama qismi, ya'ni ikki tasmasi Mustaqilligimizning 24 yillik bayrami arafasida to‘liq foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda”, - deya ta'kidladi N.Husanov.

Mazkur yo‘lning foydalanishga topshirilishi yurtimizning janubiy hududlarida yashovchi aholi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish barobarida, ular uchun unutilmas bayram sovg‘asi bo‘lishi shubhasiz.

Top