12:06 / 20.07.2015
2486

“Tennesilik o‘qchi” qurol-yarog‘ni internetdan sotib olgani ma'lum bo‘ldi

O‘tgan juma kuni AQShning Chattanuga shahrida o‘t ochgan, “Tennesilik o‘qchi” laqabini olgan Muhammad Yuzef Abdulaziz internetdan sotib olingan qurol-yarog‘ jamlanmasiga ega bo‘lgan. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasining elektron versiya orqali xabar qilindi.
Uning do‘sti Charlz Jons Abdulaziz bolaligidayoq pnevmatik quroldan otishni o‘rganganini ma'lum qildi. Voyaga yetgach, u internet orqali, Jonsning so‘zlariga ko‘ra, “butun boshli qurolxona”ni sotib olgan.
Uning “qurolxona”sida AK-47 avtomati, AR-15 avtomatik soymiltig‘i, Sayga-12 o‘zi o‘qlanadigan miltig‘i va bir qancha to‘pponcha bo‘lgan. U barcha qurollarni o‘z xonasida saqlagan. Ota-onasi bunga qarshilik ko‘rsatgan, ammo farzandlariga ta'sir qila olmagan.
Jonsning e'tirof etishicha, Abdulaziz marixuana chekish bilan birga, turli antidepressantlar va uyqu dorilari ichib borgan. Unga psixolog yordami kerakligini bilgan ota-onasi buning uchun pul topa olmagan.
Eslatib o‘tamiz, 16 iyul kuni 24 yoshli, asli quvaytlik Muhammad Yuzef Abdulaziz o‘z avtomobilida harbiy dengiz kuchlari majmuasiga yaqinlashib, uni avtomatdan o‘qqa tutgan edi. Yana bir necha km yo‘l bosib o‘tgach, u dengiz kuchlarining mashg‘ulot markazini ham o‘qqa tutib, so‘ng ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Keyinroq u politsiya xodimlari tomonidan otib o‘ldirildi.
Hujum paytda Abdulaziz 4 nafar dengiz piyodasini otib o‘ldirdi, yana 3 kishini – politsiyachini, dengizchini va dengiz piyodasini yaraladi.
FQB vakili Ed Raynxold Abdulazizning biror-bir terrorchi guruh bilan aloqasi aniqlanmaganini e'tirof etdi.

Top