07:45 / 20.07.2015
3730

Donald Tramp senator Makkeynni haqorat qilgani uchun uzr so‘rashdan bosh tortmoqda

Eron bilan kelishuvga erishilgani haqidagi yangilikdan keyin AQSh prezidenti lavozimi uchun kurash olib borayotgan milliarder Donald Trampning navbatdagi qilig‘i eng “qaynoq” yangiliklardan biriga aylandi. 19 iyul kuni Tramp Vetnamdagi urush faxriysi, senator Jon Makkeyndan uni haqorat qilgani uzr so‘rashdan bosh tortdi.

Tramp saylovchilar bilan uchrashuvlardan birida Makkeyn Vetnamdagi urush paytida asirga tushgani uchun uni urush qahramoni deb hisoblamasligini aytgan. “Asirga tushgan odamlarni qahramon deb hisoblamayman”, deb aytdi Tramp o‘z partiyadoshi haqida. Tramp harbiy uchuvchi bo‘lib xizmat qilgan, Vetnamda urib tushirilib, uzoq vaqt davomida asirda saqlangan Makkeyn oldida o‘zini aybdor deb hisoblamasligini aytgan. AVS telekompaniyasining “Makkeyndan kechirim so‘rashni istarmidingiz?” degan savoliga dangalchi tadbirkor “Mutlaqo yo‘q” deb javob berdi.

Bundan tashqari, Tramp Makkeyn qurolli kuchlar masalalari bo‘yicha senat qo‘mitasining raisi bo‘lgan paytda amerikalik urush faxriylarining turmushlarini yaxshilash uchun hech narsa qilmagani uchun ham uni tanqid ostiga oldi. “Jon Makkeyn muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Agar men prezident bo‘lsam, Makkeyn faxriylarga ko‘p yillar davomida qilgan ishlardan ko‘ra ko‘proq ish qilaman”, deb aytdi Tramp.

19 iyul kuni Respublikachilar partiyasida milliarderni saylov poygasidan chiqarib yuborishga undovlar bildirildi. Bunga javoban Trampning saylovoldi kampaniyasi vakili Kori Levandovski “Donald Tramp umummilliy so‘rovlarda birinchi o‘rinni egallamoqda” deb aytdi.

Tramp haqiqatdan ham AQSh prezidenti lavozimiga respublikachi nomzodlar orasida eng katta mashhurlikka ega bo‘lmoqda.

Top