20:19 / 20.07.2015
6010

Tojikiston IIV: “IShID” safida 500 gacha tojikistonlik jang qilmoqda

Tojikiston hukumati “IShID” terrorchilik guruhi safida harakat qilayotgan o‘z fuqarolarining soni oshayotganidan xavotir bildirmoqda, deb xabar bermoqda “TASS” axborot agentligi.

Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda ma'lum qildi.

Rahimzodaning aytishicha, bunday fuqarolar soni 500 gachani tashkil qilmoqda. Ularning ismlari ma'lum bo‘lib, mamlakat bosh prokuraturasi ularga qarshi sirtdan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Rahimzodaning aytishicha, tezkor ma'lumotlarga ko‘ra ulardan 100 nafardan ko‘prog‘i halok bo‘lgan.

Vazir ushbu holat yuzasidan imomlar va mahalliy faollarni jalb qilgan holda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borishga chaqirmoqda.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatning 1,5 mingga yaqin fuqarosi “IShID” safiga o‘tgani haqidagi ma'lumot tekshirilmoqda.

Top