18:54 / 21.07.2015
10393

Li Nelson: "Bu pullar 2026 yilgi mundialga KXDR mezbonlik qilishi uchun"

20 iyul kuni Shveytsariyaning Tsyurix shahrida o‘tkazilgan FIFAning Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi doirasidagi matbuot anjumani vaqtida tashkilotning amaldagi rahbari Yozef Blatter ustida britaniyalik komik aktyor Li Nelson tomonidan pul sochilgani haqida xabar berilgandi.

Ushbu holat tasvirlangan lavhada Blatter o‘tirgan stolga kulrang kostyum kiygan kishi yaqinlashishini, uning kiyimida Shimoliy Koreya bayrog‘i o‘rnatilganini, uning beyjigida ham Shimoliy Koreya vakili ekanini bildirib turuvchi belgi mavjudligini ko‘rish mumkin. Bu odam komik aktyor Li Nelson (asl ismi Saymon Brodkin) bo‘lib, qo‘lida bir dasta soxta pullarni ko‘tarib olgan edi.

"Bu 2026 yilgi jahon chempionati mezbonligini Shimoliy Koreyaga berganiningiz uchun", deya Blatterga qo‘lidagi 1 va 10 dollarlik qog‘oz pullarni taklif qiladi Nelson.

"Sizga katta rahmat. Men Shimoliy Koreya futboli vakili sifatida FIFA bilan 2026 yilgi mundial bo‘yicha kelishuvga erishilganidan to‘la qoniqish bildiraman", deb mutlaqo xotirjamlik bilan davom etadi u.

Shu zahoti qo‘riqchilar yetib kelishib, aktyorni olib chiqa boshlashganida esa, u qo‘lidagi pullarni Blatterning boshi uzra sochadi va yoz faslining eng shov-shuvli voqealaridan biri yuz beradi.

Qo‘riqchilar tomonidan sudrab olib chiqilayotgan Nelson "Yana bir bor rahmat, Zepp. Barchasi kelishganimizdek bo‘ldi. Ishni yaxshi bajarding", deyishga ham ulguradi.

Bu vaqtda esa Yozef Blatter "Qani mening qo‘riqchilarim", iborasini takrorlashdan o‘zga iloj topa olmaydi.

Bezorini olib chiqib ketishgach ham, uning o‘zini qo‘yarga joy topa olmasdan talmovsirashini ko‘rish mumkin.

"Birinchi navbatda bu yerni yig‘ishtirish kerak", deydi u yerda sochilgan qog‘oz pullarni ko‘rsatib.

Xodimlar yerni tozalashgach esa, Blatter qaytib keladi va vaziyatga munosabatini bildiradi.

"Men hali tirikman. Hech qanday to‘fon meni uchirib yubora olmaydi. Hozirgi holat futbolga aloqador emas. Bu o‘rinda marhuma onamning so‘zlarini eslayman.

"E'tibor berma, bu shunchaki ta'limsizlik va tarbiyasizlikning oqibatidir", derdi onam".

Voqea qahramoni Li Nelson ayni vaqtda hibsda saqlanmoqda.

Qayd etish kerakki, Li Nelson futbol bilan bog‘liq bunday qiliqlarini tez-tez takrorlab turadi.

U 2013 yilning martida "Everton" va "Manchester Siti" uchrashuvi o‘tkaziladigan "Gudison Park" o‘yingohiga mehmonlar futbolchisi sifatida kirishga uringan, buning uchun u "Manchester Siti" jamoasi libosini kiygan holda saf bo‘lib ketayotgan jamoa futbolchilari qatoriga, Jo Xart va Kolo Ture orasiga joylashib olgandi. Lekin uni stadion xodimlari payqab qolishgan va to‘xtatishgandi.

U 2014 yilda Angliya terma jamoasi bilan JCh-2014 oldidan o‘tkazilgan Florida yig‘iniga birga uchmoqchi bo‘lgan, terma jamoa a'zolari bilan bir xil kiyingan holda samolyot eshigigacha birga kelgandi. Bu o‘rinda ham uni hibsga olishgan.

Nelson o‘z vaqtida Angliyaning turli jamoalarida to‘p tepgan, murabbiylarni o‘ziga mos uslub yaratishga majburlay olgan va meksikalik narkobaronlarga o‘xshash Jyeyson Bentning ham jig‘iga tekkandi.

Ma'lumot uchun, Saymon Brodkin 2001 yilda Manchesterdagi universitetni bitirib, tibbiyot bo‘yicha diplom olgan.

U bilan yuz bergan oxirgi shov-shuvli voqea o‘tgan oyda, iyunda ro‘y bergan, bu safar u Kane Uestning Glastonbury festivalidagi ijrosi vaqtida sahnaga chiqib ketgandi.

Manba: Xabardor.uz internet nashri. 

Top