14:45 / 21.07.2015
4777

Ruslan Chagayev: Tayson Fyurining bo‘yi balandligi Klichko uchun muammo bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonlik bokschi, WVA versiyasi bo‘yicha muntazam jahon chempioni hisoblanmish Ruslan Chagayev World Boxing News portaliga bergan intervyusida superog‘ir vazn toifasida WVA, WVO hamda IBF yo‘nalishlari chempioni ukrainalik Vladimir Klichkoning britaniyalik Tayson Fyuriga qarshi himoya jangi bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Superog‘ir vazn toifasida har qanday holat kuzatilishi mumkin. Fyurining bo‘yi juda baland (2 metru 6 santimetr - Kun.uz izohi) va u jismoniy jihatdan yetuk holatda. Bu esa Klichkoga muammolar tug‘dirishi tabiiy. Qolaversa, Taysonda noodatiy jang o‘tkazish uslubi mavjud. Lekin, shunga qaramasdan, Klichko uni yengishiga ishonch bildiraman", deydi Chagayev.

Ma'lumot uchun bu jang shu yilning 24 oktabr kunida, Germaniyaning Dyusseldorf shahrida o‘tkaziladi. Jang 60 ming muxlisga mo‘ljallangan ESPRIT arenasida bo‘lib o‘tadi.

Tayson Fyuri WVO versiyasi bo‘yicha qit'alararo kamar sohibi bo‘lib, u bu yo‘nalishda jahon chempionligi uchun asosiy da'vogar hisoblanadi. Fyuri oxirgi jangini shu yilning fevralida germaniyalik Kristian Xammerga qarshi o‘tkazgan hamda raqibini nokautga uchratgandi. Ushbu 26 yoshli bokschi o‘z faoliyati davomida 24ta g‘alaba qayd etgan va biron marta ham mag‘lub bo‘lmagan.

Vladimir Klichko esa so‘nggi jangini 2015 yilning 26 aprelida amerikalik Brayant Jyenningsga qarshi o‘tkazdi va g‘alaba qozonib, titul janglarida qatnashish bo‘yicha (27ta jang) Jo Luisning rekordini takrorladi. Jo Luis o‘zi o‘tkazgan 27ta titul jangidan 25tasida g‘olib bo‘lgan. Klichko hisobida esa g‘alaba bilan yakunlangan 18ta titul jangi mavjud. 39 yoshli Vladimir Klichko 2006 yildan buyon WVO kamarini himoya qilib keladi va uning hisobiga shu vaqtgacha 64ta g‘alaba (53ta nokaut) va 3 mag‘lubiyat yozilgan.

Top