10:14 / 21.07.2015
3804

Samsung o‘ta ingichka Galaxy Tab S2 planshetlarini namoyish qildi

Samsung Electronics kompaniyasi yangi Galaxy Tab S2 planshetlar seriyasini namoyish qildi. Seriya ikki model – 9,7 va 8 dyuymli Galaxy Tab S2 9.7 va Galaxy Tab S2 8.0 plashetlaridan iborat. Planshetlar o‘tgan yilgi Samsung Galaxy Tab S seriyasining davomi bo‘lib, Galaxy Note 4 va Galaxy Alpha`dagi kabi metall ramkaga ega “premial” dizaynda ishlab chiqilgan. Planshetlar, shuningdek, Samsung`ning eng ingichka planshetlari bo‘ldi – ularning qalinligi 5,6 mm.ni tashkil qiladi.

Planshetlar Super AMOLED texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqilgan va QXGA ko‘rsatish qobiliyatiga (2048x1536 nuqta) ega displeylar bilan jihozlangan.

Qayd etish joizki, ishlab chiqaruvchi bu planshetlarda o‘zining an'anaviy 16:10 tomonlar nisbati o‘rniga 4:3 nisbatdan foydalangan. Natijada planshetlarning tomonlari nisbati iPad Air va iPad mini’dagi ko‘rinish olgan.

Galaxy Tab S2 o‘zidan avvalgi modellar kabi Home tugmasiga joylashtirilgan barmoqlar izini o‘quvchi skaner bilan jihozlangan. Planshet Android 5.0 Lollipop operatsion tizimi ostida ishlaydi. Planshetlar 8 yadroli Exynos 5433 protsessori bilan ta'minlangan.

Planshetlar ichki o‘rnatilgan 32 yoki 64 Gb li flesh-xotira bilan taklif qilinmoqda, ikkala holda ham xotirani 128 Gb li microSD formatidagi xotira kartalari bilan oshirish mumkin. Qurilmalar, shuningdek, 3 Gb tezkor xotira, 8 Mp.li asosiy kamera va 2,1 Mp.li old kamera, LTE moduli (shuningdek, faqatgina Wi-Fi ni qo‘llab-quvvatlovchi modellar ham mavjud) bilan jihozlangan. Qurilmalarning bazaviy kommunikatsiya imkoniyatlariga Wi-Fi (802.11 a/b/g/n/ac), GPS va GLONASS hamda Bluetooth 4.1 aloqa modullari kirgan. Galaxy Tab S2 9.7 modeli 5870 mA-soat hajmga ega akkumulyator bilan, Galaxy Tab S2 8.0 esa 4000 mA-soat hajmga ega akkumulyator bilan jihozlangan.

Samsung Galaxy Tab S2 ning ikkala versiyasi ham avgustda sotuvga chiqariladi, qurilmalarning rasmiy tavsiya etilgan chakana narxlari hozircha ma'lum qilinmagan. Planshetlarning taxminiy narxlari quyidagicha ko‘rinish olgan:

Galaxy Tab S2 8.0 Wi-Fi: 399 yevro
Galaxy Tab S2 8.0 LTE: 469 yevro
Galaxy Tab S2 9.7 Wi-Fi: 499 yevro
Galaxy Tab S2 9.7 LTE: 569 yevro

Top