07:14 / 22.07.2015
2060

AQShning Citigroup korporatsiyasi kredit kartalari bilan ishlashdagi qoidabuzarliklar uchun 770 mln dollar jarima to‘laydi

AQShning Citigroup moliyaviy korporatsiyasi AQShning tartibga soluvchi muassasalari talabiga ko‘ra o‘z xodimlari tomonidan kredit kartalari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun 770 mln dollar jarima to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda 21 iyul kuni Citigroup va tartibga soluvchi muassasaning rasmiy vakillari ma'lum qilishdi.

Qayd etilishicha, Citigroup ning avvalgi va hozirgi 8,8 mln mijozi kompensatsiya sifatida 700 mln dollar oladi. Yana 70 mln dollarni AQSh hukumati jarima sifatida oladi.

Regulyatorlarning ma'lumotlariga ko‘ra, korporatsiyaga qarashli Citibank banki xodimlari 2000 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida o‘z mijozlarini aldab, mijozlar dastavval foydalanishni istamagan turli xizmatlar uchun ulardan qo‘shimcha haq olganlar. Bundan tashqari, bir qator holatlarda bank kredit kartalari egalaridan aslida ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun ham haq olingan.

Citigroup vakillari ushbu qoidabuzarliklar 2013 yilda to‘liq to‘xtatilganini aytishdi. Ular bu to‘lovlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar oldindan zaxira sifatida saqlab qo‘yilganini ta'kidlashmoqda.

Citigroup va regulyator o‘rtasida kelishuvga erishilgani haqida ma'lumot olingandan keyin korporatsiya aksiyalari fond birjalarida 28 sentga (0,5 foiz) qimmatlashib, 59,12 dollarni tashkil qildi.

Top