21:25 / 22.07.2015
3250

Polsha banki O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirishga tayyorligini bildirdi

Polshaning Volomin shahridagi “Hunarmandlar va dehqonlar kooperativ banki” anjumanlar zalida O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarining investitsion salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Volomin povyati (ma'muriy-hududiy birlik) rahbariyati va O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda burmistrlar, posyolkalar rahbarlari, ushbu tuman a'zolari ishtirok etdilar.

Volomin povyati 1999 yildagi ma'muriy islohotlar davomida ta'sis etilgan. U 7 shahar va 5 posyolkadan tashkil topgan. Hududi 955,37 kv km ni, aholisi 230 mingdan ko‘proq kishini tashkil etadi. Povyat Varshava bilan chegarada joylashgan.

Uchrashuvda ishtirokchilar O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi yutuqlari, mamlakatdagi 2014 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish natijalari va 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari bilan batafsil tanishdilar. Taqdimot davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari, yaratilgan investitsion muhit va maqbul sharoitlar, respublikada xorijiy investorlarga berilgan kafolatlar va imtiyozlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Taqdimot davomida Volomin povyati aktivi o‘zbekistonlik hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy, invayestitsion, turistik, madaniy-ma'naviy va ilmiy sohalarda hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

Uchrashuv tugagandan keyin Polshaning “Hunarmandlar va dehqonlar kooperativ banki” boshqaruv raisi Ya. Vayno O‘zbekiston katta iqtisodiy salohiyatga egaligini ta'kidlab o‘tdi. Shu munosabat bilan Vayno Polsha-O‘zbekiston qo‘shma loyihalarini moliyalashtirishga qiziqish bildiruvchi O‘zbekiston banklari bilan hamkorlikni o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.

Top