09:08 / 22.07.2015
3259

Yozuvchi Edgar Lourens Doktorou olamdan o‘tdi

Amerikalik yozuvchi Edgar Lourens Doktorou 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning o‘g‘liga asoslangan holda The New York Times nashri xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, "Regtaym", "Marsh" va "Billi Batgeyt" kabi romanlar muallifi Nyu-York shahrida saraton xastaligi tufayli olamdan o‘tdi.

U Rossiyadan AQShga ko‘chib borgan yahudiylar oilasida tug‘ilgan bo‘lib, Ogayodagi kollejni tamomlagach, o‘tgan asrning 50-yillari oxiridan Columbia Pictures kinostudiyasida ssenariynavist bo‘lib ishlagan. Biroz o‘tib, New American Library va Dial Press nashrlarida bosh muharrir lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Doktorou 1969 yildan katta adabiiyotga kirib kelgan, AQShdagi ko‘plab universitetlarda ma'ruzlar o‘qishni boshlagan. U 1984 yilda Amerika akademiyasi va Milliy san'at institutlari a'zosiga aylangan.

Doktorou jami 11 roman yozib qoldirdi. Uning "Billi Batgeyt", "Regtaym" va "Marsh" romanlari milliy mukofotlarga sazovor bo‘lgan, Loon Lake romani esa National Book Award mukofotiga loyiq ko‘rilgan.

Top