21:21 / 23.07.2015
1935

2015 yilning birinchi yarim yilligida Surxondaryo viloyatida 102ta sanoat korxonasi ishga tushirildi

2015 yilning birinchi yarmida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shu va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Ma'lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 142,3 milliard so‘m va 250 ming dollar qiymatidagi 857 loyiha amalga oshirilib, qariyb olti mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan.

Hisobot davrida yalpi hududiy mahsulot hajmi 2 trillion 687 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari 10,3, qurilish-pudrat ishlari 11,2, qishloq xo‘jaligida 20,5, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 12,3 foizga oshishiga erishildi. 102 sanoat korxonasi ishga tushirilib, 37 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilib, 746 kichik biznes sub'yekti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda ularning soni 10 ming 757 taga yetdi. Natijada xususiy sektor tomonidan 766,3 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 671,6 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 506,4 milliard so‘mlik pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 300 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 62,5, xizmatlardagi ulushi 53,6 foizni tashkil etdi. Bandlik dasturi doirasida yaratilgan 28 ming 145 yangi ish o‘rnining 22 mingdan ziyodi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Top