01:42 / 23.07.2015
40375

Qizingiz turmushga tayyormi?

Alloh taolo oila va nikohning muqaddasligi to‘g‘risida shunday bayon qiladi: “Uning alomatlaridan(yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” ("Rum"surasi, 21-oyat).

Oila qurish janob Payg‘ambarimizning (s.a.v) sunnatlaridan bo‘lib, bir hadisi shariflarida aytganlar: "Nikoh mening sunnatimdir. Kimki mening sunnatimdan voz kechsa, u men (ummatim)dan emas".

Biz ushbu haqiqatni e'tirof etgan holda turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlarda diniy va milliy an'analarimizga rioya qilish bilan birga mamlakatimizda amalda bo‘lgan qonun - qoidalarga ham amal qilishimiz zarur.

Nikoh, oila doimo dolzarb masalalardan hisoblanib kelgan. Islom dinida ham, xalqimizning odatida ham unga e'tibor bilan qarab, oila mustahkamligini ta'minlashda barcha birdek mas'ul bo‘lgan.


Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining "Shar'iy nikohdan o‘tish odoblari" to‘g‘risidagi fatvosi ham chiqarilgan. Unda: "Shar'iy nikoh shartlariga davlatimizning nikoh va oila to‘g‘risida qabul qilgan qaror va qonunlari ham qo‘shiladi. Masalan, kelin - kuyov shar'iy nikohdan oldin nikohni qayd qiluvchi davlat idoralari ro‘yxatidan o‘tib, rasmiy guvohnoma olgan bo‘lishlari lozim. Rasmiy nikohdan o‘tmagan, FHDYo guvohnomasiga ega bo‘lmagan yosh oilalar ajrashib, ona bolasi bilan ko‘chada qolishini hisobga oladigan bo‘lsak, shar'iy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan FHDYo guvohnomasining bo‘lishini ham muhim shartlardan biri deb e'tibor qilish o‘rinlidir. Imomlarning FHDYo guvohnomasini surishtirmay nikoh o‘qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo‘lsa, guvohnomani ko‘rib, so‘ngra nikoh o‘qishlari huquqiy jamiyat barpo qilayotgan bir vaqtimizda yosh oilalarning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir..." deyiladi.

Shundan ham ko‘rinib turibdiki, oilaning mustahkam bo‘lishi, uning davlat qonunlari bilan muhofazalangan holda qurilishi uchun imom - xatiblarimiz mas'ul ekan, ular nikohni o‘qish chog‘ida yuqoridagi fatvoga amal qilsalar, ko‘ngilsiz voqealarning oldi olingan bo‘lardi.


Nikoh va oila masalasiga ota - onalar ham doimo katta ahamiyat berishlari lozim. Ular o‘z farzandlarini yosh jihatidan oila qurishga tayyor ekanligiga to‘la qanoat hosil qilib, so‘ngra nikohdan o‘tkazishlari shart.

Kishi hayotida bir marta bo‘ladigan umr savdosi bo‘lmish nikoh masalasi doimo keng mushohada va kengash bilan amalga oshirilgani ma'quldir. Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) quyidagi hadisi shariflarini esga olish joizdir: "Qizlarni turmushga chiqarish to‘g‘risida onalari bilan maslahatlashinglar".

Agar bo‘lajak kelin balog‘at yoshiga yetgan bo‘lsa ham, ammo oila, mas'uliyat, er va jamiyat oldidagi burch va vazifalarni anglash va tasavvur etish darajasida bo‘lmasa, u vaqtda o‘z oilasida ham jamiyatda ham o‘rnini topa olmaydi va baxtiyor oila qo‘rg‘onining saodatli a'zosi darajasiga yeta olmaydi. Fuqarolik jamiyatida qabul qilingan qoidalarning ham Islom shariati hukmlarining asl maqsadi ham ayol yoki erkak bo‘lishidan qat'i nazar, hayotda baxtiyor bo‘lishini, oxiratda saodat ahlidan bo‘lishini ta'minlashdan iboratdir.

Islom shariatida xotin - qizlarni ham ilm-ma'rifatli bo‘lishlariga, hayotlarida zarur bo‘lgan barcha ma'lumotlarni egallashlariga chaqiruvchi ko‘plab hadislar bor. Xususan, Payg‘ambarimiz hadislarida:"Ilm talab qilish barcha musulmon erkak va ayolga farzdir", deb ta'kidlangan.


Bir narsaga ahamiyat berishimiz lozim, qizlarning balog‘at yoshi bilan turmush qurish yoshi boshqa - boshqa narsa ekani hayotda o‘z isbotini topmoqda.

Balog‘at yoshi degani – bu kamolot yoshi degani emas. Buning ustiga hozirgi davr talabi butunlay boshqacha. Yoshlar majburiy o‘rta ta'lim bosqichlarini bosib o‘tishlari shart. Bunda yoshlar oldida 9 yil o‘rta umumta'lim maktabi, undan so‘ng uch yil kollej yoki litsey ta'limini olish zarurati tug‘iladi. Zero, dinimiz ta'limotlariga ko‘ra ilm olish, ma'rifatli bo‘lish, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni o‘rganish har bir qiz bola uchun zarur. Bordi - yu shundan oldin turmush qursalar, o‘qish ham chala, oila yumushlari ham, uy bekaligi va boshqa barcha ishlar ham chala bajarilishiga yo‘l ochilgan bo‘ladi. Ilmli va kasb - hunarli ayolgina komil insonni tarbiyalay oladi.

Erta, voyaga yetmasdan turmush qurganlarning aksariyati ota - onasining qaramog‘ida yashaydi yoki turmushiga darz ketadi. Bu borada yosh qizlarning turmushdan keyingi hayoti nisbatan og‘ir kechadi. Erta homiladorlik, nimjon bola tug‘ilishi, ro‘zg‘or yumushlaridagi uquvsizligi bois u eshitadigan ta'nayu dashnomlar oxir - oqibatda uning tinkasini quritib qo‘yadi. Shu haqiqatni e'tirof etgan holda turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlarda diniy va milliy an'analarimizga rioya qilish bilan birga oila va nikoh haqidagi davlatimiz chiqargan qonun - qoidalarga ham qat'iy amal qilish zarur bo‘ladi.

Shu o‘rinda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasiga e'tibor qaratishni lozim topdik. Islom ulamolari va faqihlar istilohida “al - muharramot minan - niso”, ya'ni “uylanishlik mumkin bo‘lmagan ayollar” iborasi mavjud bo‘lib, bu iborada ma'lum kishiga nisbatan nikohga olish harom qilingan ayollar tushuniladi. Bu ayollar toifalarini Alloh taolo Qur'oni karimning “Niso” surasi 23-oyatida bayon qilgan:

“Sizlarga (nikohi) harom qilingan (ayol)lar – bu, onalaringiz, qizlaringiz, opa - singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa -singillaringizning qizlari, emizgan «ona»laringiz, emishgan «opa - singil»laringiz, qaynonalaringiz, jinsiy yaqinlikda bo‘lgan xotinlaringizning qaramog‘ingizda bo‘lgan qizlari – jinsiy yaqinlikda bo‘lmagan bo‘lsangiz, sizlarga gunoh bo‘lmas – yana, o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlaridir. Ikki opa - singilni qo‘shib (nikohlab) olishingiz (ham harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh kechirimli va marhamatli zotdir”.

Oyati karimadan ko‘rinib turibdiki, bu cheklovning asosiy sababi yaqin qarindoshlik bo‘lib, u quyidagi vositalar orqali vujudga keladi:

1.Nasl - nasab;

2.Emizishlik;

3.Uylanishlik, qudalik.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida kimlar o‘rtasida nikoh joiz bo‘lmasligini bayon etganlar: “Hech bir ayol o‘z ammasi, xolasi, aka - ukalarining qizlari, opa - singillarining qizlari ustiga nikohlanmasin. Agar nikohlansalar, qarindoshlar o‘rtasidagi silai rahmni (qarindoshlik rishtasini), uzgan bo‘ladilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Biz milliy an'analarimizda ham mazkur oyat va hadis taqozo etgan hukmga rioya qilinishini qayd etish bilan birgalikda mamlakatimizda amalda bo‘lgan qonun va qoidalarda ham bu ma'no ta'kidlanganini ko‘rishimiz mumkin. Oila kodeksining I bo‘lim, 16 - moddasida: “Nasl - nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka – ukalar bilan opa - singillar o‘rtasida, shuningdek, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyilgan.


Islom dini uylanish borasida qarindosh bo‘lmagan oilalardan uylanishni afzal ko‘radi.
Ammo tibbiy tomondan olinadigan bo‘lsa, irsiy kasallikka mubtalo bo‘lgan oilalar qarindosh - urug‘lar o‘rtasida qiz olish yoki berish bo‘lsa u vaqtda farzandlar zaif, past bo‘yli, aqli oz bo‘lib tug‘ilishi o‘z isbotini topgan. Nasab jihatidan bir - biriga begona bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalar esa holati zaif bo‘lmaydi. Bunga sabab sifatida yaqin qarindoshga uylanganda o‘rtada bo‘lgan shahvoniy intilish u qadar kuchli bo‘lmasligi ekanini ham mutaxassilar qayd etganlar.


Bu haqda Hazrati Umar (r.a) as - Soib avlodlarining bir - birlari bilan quda - anda bo‘lishlarini ko‘rganlarida: “Farzandlaringiz zaif va ozg‘in bo‘lmasligi uchun begonalardan uylaningizlar”, deganlar (Ibrohim Harbiy “G‘arib al - Hadis” kitobidan).

Imom G‘azzoliy o‘zining “Ihyou Ulum ad - din” kitobida Payg‘ambar alayhissalomdan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: “Yaqin qarindoshlarga uylanmangizlar, farzand nimjon bo‘lib dunyoga kelishi mumkin”. Shuning uchun ham yaqin qarindosh - urug‘lar o‘rtasidagi nikoh oqibatida farzandlar nimjon va zaif tavallud topishi ko‘proq kuzatilgan.

“Irsiyat yetti pusht suradi”, degan gap bekorga aytilmagan. Qiz berganda yoki o‘g‘il uylantirganda yetti pushtini surishtirish ham shundan kelib chiqqan bo‘lsa, ajab emas. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, qarindosh bo‘lmagan oilalarda tug‘ilayotgan har mingta go‘dakdan ikkitasi nogiron bo‘lib dunyoga kelsa, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalar majruhligi ikki-uch barobar ko‘p ekan.

Millat kelajagi sog‘lom, aqlli farzandlar qo‘lida bo‘lmog‘i lozim. Faqatgina sog‘lom, barkamol, aqli yetuk avlodgina buyuk kelajakni qura oladi.

Mariyam Abdullayeva / muxlis.uz

Top