10:17 / 24.07.2015
4199

Blatter JCh-2018 saralash uchrashuvlari uchun qur'a tashlash marosimida qatnashish uchun Rossiyaga keldi

Rossiya sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko Sankt-Peterburg aeroportida FIFA prezidenti Yozef Blatterni kutib oldi.

Blatter bu shaharga 2018 yili Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionati uchun saralash uchrashuvlariga qur'a tashlash marosimida ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan.

"Bu yerda muhit ajoyib. Marosim ham shunday o‘tishiga ishonch bildiraman", deydi Blatter TASS muxbiriga.

Ushbu marosim 25 iyul kuni Konstantinovsk saroyida tashkillashtiriladi. Marosim shu kuni Toshkent vaqti bilan 20:00dan boshlab Rossiyaning Birinchi kanalida jonli ravishda efirga uzatiladi.

Biroz oldin, Blatter ushbu safari vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish niyati haqida aytib o‘tgandi.

Marosimda Sobiq Ittifoq terma jamoasi darvozaboni bo‘lgan Rinat Dasayev, Rossiya tarixidagi eng kuchli to‘purar Aleksandr Kerjakov, braziliyalik sobiq yulduz Ronaldo, Italiya terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan Fabio Kannavaro, 2010 yilgi mundialning eng yaxshi futbolchisi Diyego Forlan, kamerunlik hujumchi Samuel Eto`O, 1996 yilgi Yevropa chempionati qahramoni Oliver Birxoff, 2015 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘oliblaridan biri serbiyalik Predrag Raykovich, "Zenit" hujumchisi Xalk kabi mashhur shaxslar ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, JCh final bosqichi 2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 11ta shahridagi 12ta stadionda bo‘lib o‘tadi

Top