11:11 / 25.07.2015
9236

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishida bitta vokzal va 3ta stansiya qurib bitkazildi

Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining joriy yil birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari va kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashni jadallashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda tarmoqda iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar o‘zining yuksak samaralarini berayotgani ta'kidlandi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davrida po‘lat izlar orqali tashilgan yuk hajmi yanada ko‘payib, 33,3 million tonnani tashkil etgan.

Yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarning ishonchli va xavfsiz qatnovini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani natijasida temir yo‘l xizmatidan foydalangan yo‘lovchilar qariyb 11 millionga yetgan.

Sanoat korxonalarida 204,4 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan, yaratilgan yangi ish o‘rinlari 200dan oshgan.

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishi, Maroqand-Qarshi, Qarshi-Termiz, Samarqand-Buxoro temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, yuk va yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, lokomotivlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalari uchun 344,7 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan.

"Dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda joylashgan Qamchiq dovoni bo‘ylab qurilayotgan Angren-Pop yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasidagi bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilmoqda. Loyihaga ko‘ra, ushbu ulkan qurilish obektida jami 43 million kub metr tuproq, 16,3 million kub metr burg‘ulash ishlari bajarilishi, 19,1 kilometrlik tunnel, 285 cuv va 6 yo‘l o‘tkazgich, 13 temir yo‘l ko‘prigi, 6 stansiya va 2 vokzal bunyod etilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kungacha tuproq va burg‘ulash ishlari bajarilib, suv va yo‘l o‘tkazish inshootlari, ko‘priklar qurilishi tugallandi, “Orzu” vokzali, “Ko‘l”, “Temiryo‘lobod”, “Qo‘shminor” stansiyalari qurib bitkazildi", – deb ma'lum qildi Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishi loyiha rahbari Navro‘z Erkinov.

Maroqand-Qarshi temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihasiga malakali ishchilar va zamonaviy texnika vositalari jalb qilinib, qurilayotgan obektlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va elektr energiya sarfini hisoblash tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Top