08:46 / 25.07.2015
2400

AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari: «Afg‘onistonda xavfsizlik sohasida bo‘shliq paydo bo‘lmaydi, deb ishonaman”

Toshkentga ishchi safar bilan kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Richard Xougland O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Xougland bu uchrashuv natijalari bo‘yicha jurnalistlarga bayonot berdi.

“Turkiston-press” axborot agentligining ma'lum qilishicha, Xougland Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar juda sermahsul bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy xarakterdagi ba'zi masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida, shuningdek, Yangi Ipak yo‘li konsepsiyasi hamda AQShning bu Ipak yo‘li mintaqadagi barqarorlik va farovonlikka qanday xizmat qilishi borasidagi qarashlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalar, xususan, bu mamlakat tomonidan Markaziy Osiyoga solinayotgan tahdidlar haqida so‘z yuritildi.

“Men ehtiyotkorlikni talab qiladigan muayyan xavf darajasi borligini inkor etmayman. Va albatta IShID borasida sinchkov bo‘lish kerak.

Afg‘onistonda xavfsizlik sohasi borasida bo‘shliq paydo bo‘lmaydi deb ishonaman – men bu boradagi xavotirlanishni tushunaman. AQSh va bizning xalqaro hamkorlarimiz Afg‘onistonda talab etilgan harbiy operatsiyalarning katta qismini vijdonan va ro‘yirost bajardilar”, deb aytmoqda Xougland.

“O‘zbekistonning Afg‘onistonning rivojlanishiga qo‘shgan hissasi sifatida Hayratondan Mozori-Sharifgacha qurilgan temir yo‘l qurilishini aytish mumkin. Bu Afg‘onistondagi temir yo‘l tizimini rivojlantirishdagi birinchi qadam bo‘ldi. O‘zbekistondan Qobulga elektr energiya taqdim qilinishi bu yordamga yana bir misol bo‘la oladi”, deb ta'kidladi diplomat.

Top