23:11 / 26.07.2015
4113

Namanganda Qirg‘izistondan noqonuniy telefon olib kirish bilan shug‘ullanayotgan guruh qo‘lga olindi

Namangan viloyat prokuraturasi bergan ma'lumotga qaraganda, O‘zbekiston fuqarosi Odil Temirov va Qirg‘iziston fuqarosi Olim Nuriddinovlar til biriktirgan holda O‘zbekistonga noqonuniy yo‘l bilan telefon olib kirish bilan shug‘ullangan. Ularning faoliyatiga chek qo‘yildi.
Nuriddinov turli yo‘llar bilan telefon apparatlari va aksessuarlarini to‘plab, ularni Yangiqo‘rg‘on tuman Nanay qishlog‘iga olib kelishgan va Temirovning uyida saqlab kelgan. Shundan so‘ng ular mijoz topib, telefonlarni ulgurji va chakana yo‘llar bilan turli hududlarga sotib kelgan.
Ammo oxirgi “amaliyot” davomida ular qo‘lga olindi. Huquqbuzarlar yonidan 33 turdagi 853 dona telefon topildi. Bundan tashqari, guruhning Chorsu bozorida joylashgan do‘konidan ham 149 dona mobil apparat topildi.
Sud hukmi bilan guruh a'zolaridan umumiy bahosi 56.4 mln so‘mlik telefon apparatlari davlat foydasiga musodara qilindi.

Top