10:57 / 26.07.2015
8013

Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda

26 iyul kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirish imtihonlarini o‘tkazish belgilangan edi.

Ayni vaqtda Toshkent shahri, Beruniy metro bekati yaqinidagi "O‘zko‘rgazmasavdo markazi"da imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.

Bu yerda ertalabki soat 7:30 da "Dasturiy injiniring yo‘nalishi" (CSE) bo‘yicha imtihon boshlangan bo‘lib, soat 11:30gacha davom etishi belgilangan.

Kunning ikkinchi yarmida esa (soat 12:30 dan 16:30gacha) "Kompyuter injiniringi yo‘nalishi" (ICE) bo‘yicha imtihon o‘tkaziladi.

25 iyul kuni abituriyentlar uchun imtihon oldi kunida konsultatsiya o‘tkazilgan va ular qoidalar bilan tanishtirilishgan.

Qoidalarga ko‘ra, imtihon o‘tkaziladigan hududga pasportning asl nusxasi, ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi hujjat va IDli braslet bilan kelish tayinlangan.

Imtihon o‘tkaziladigan binoga shaxsiy buyumlar (sumka, uyali aloqa telefoni, kalkulyator, planshet) olib kirish man qilingan. 120 daqiqa davom etadigan imtihon vaqtida tanaffus berilmasligi aytilgan. Shpargalka (ixcham-varaqa)dan foydalangan, ko‘chirishga harakat qilgan yoki imtihon qoidalariga rioya qilmagan abituriyentlar imtihondan chetlatilishi haqida ogohlantirilishgan.

Top