16:03 / 27.07.2015
2245

2015 yilning birinchi yarmida Toshkent viloyatida YaHM o‘sishi 9 foizni tashkil etdi

Toshkent viloyatini joriy yil birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlari ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi A.Usmonov boshqargan yig‘ilishda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiy o‘sish sur'atlarini ta'minlash, sanoat sohasini modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, maqsadli dasturlar ijrosi, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgani ta'kidlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda iqtisodiy o‘sishning barqarorligi ta'minlandi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur'ati 9 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 14,2 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 12,8, chakana savdo aylanmasi 16,9, pullik xizmatlar ko‘rsatish 11,9 foiz o‘sdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularga erkinlik berish va rivojlantirish yo‘lida uchrayotgan to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida mazkur sektorning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi 41,9 foizga yetdi.

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 72 yirik sanoat korxonasi joriy yilning birinchi yarmida 4,8 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, belgilangan rejani 12,7 foiz ortig‘i bilan uddaladi. Kichik sanoat korxonalari tomonidan 1,5 trillion so‘mlik tovar tayyorlanib, o‘sish sur'ati 19,1 foizni tashkil etdi. So‘nggi ikki yilda bu ko‘rsatkich qariyb bir yarim barobar oshdi.

Aholi bandligini ta'minlash masalasi majlis qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi. Viloyatning sanoat salohiyatini oshirishga doir tasdiqlangan dasturga muvofiq, 2015 yilda 1,3 milliard so‘mlik sarmoya evaziga 50 loyihani amalga oshirish va 3 ming 698 ish o‘rni tashkil etish vazifasi belgilangan. Shu maqsadda joriy yilning o‘tgan davrida 12 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Amalda esa 39,7 million dollarga teng bo‘lgan 17 loyiha ro‘yobga chiqarilgan.

Yig‘ilishda 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha, uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi hamda ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yil oxiriga qadar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta'minlash dasturi parametrlarini bajarish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi.

Top