13:07 / 29.07.2015
2568

Hindiston g‘arbidagi suv toshqinlari natijasida 22 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning g‘arbida joylashgan Gujarot shtati hududida davom kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari tufayli oxirgi 2 kun ichida halok bo‘lganlar soni kamida 22 nafar kishini tashkil etgan. Bu haqda Hindiston Milliy qutqaruv xizmati ma'lum qilgan.

Xabar qilinishicha, qurbonlardan 3 nafari cho‘kib ketish natijasida, 19 nafari esa tok urishi va bino ostida qolish tufayli olamdan o‘tgan. Ayni vaqtda shtatning bir qancha tumanlarida elektr ta'minoti uzilib qolgan, transport yo‘llarida harakat to‘xtab, yuzlab gektarlardagi ekin dalalarini suv bosgan hamda o‘nlab qishloqlarning aholisi evakuatsiya qilingan.

Gujarot hududidagi suv omborlarida suv sathining ko‘tarilishi tufayli yuzlab aholi turar joylarini suv bosishi xavfi yuzaga kelgan.

Ollohobod shahri meteorologiya xizmatining ma'lum qilishicha, kuchli yomg‘irlar kamida yana bir kun davom etadi.

Top