17:46 / 29.07.2015
2340

"Izvestiya": 160 nafarga yaqin rossiyalik maktab bitiruvchilari DXRdagi OO‘Yularga hujjat topshirishdi

"Donetsk xalq respublikasi" ta'lim vaziri Igor Kostenkaning ma'lum qilishicha, 2015 yilda Rossiyadagi maktab va kollejlarni tamomlagan 160 nafar atrofidagi bitiruvchilar "DXR"dagi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirishgan. Bu haqda "Izvestiya" nashrida yozildi.

O‘z navbatida Donbassdan Rossiyaga 600ga yaqin bitiruvchilar ta'lim olish maqsadida yo‘l olishgan.

"Rossiyadan keluvchilarning aksari Donetsk milliy texnika universiteti, Donetsk milliy universiteti hamda Donetsk milliy iqtisodiyot va savdo universitetiga hujjat topshirishgan", deydi Kostenka.

Uning qo‘shimcha qilishicha, rossiyalik talabalar Donbassdagi oliygohlarda o‘qishni tamomlaganidan keyin ikkita davlat diplomi (Rossiya va "DXR") egasi bo‘lishadi.

"DXR" Dumasining ta'lim masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Vladimir Burmatov rossiyalik yoshlar Donbassga o‘z xohishlari bilan kelishayotgani, bu yerdagi ta'lim dasturiga katta qiziqish bildirishayotganini ta'kidlagan.

O‘z navbatida Rossiya talabalar uyushmasi rahbari Yuriy Nakonechniyning fikricha, talabalar Donbassdagi OO‘Yularga kirish oson bo‘lishiga umid qilgan holda hujjat topshirishmoqda.

"Menimcha, Donetskdagi ta'lim muassasalari rossiyalik abituriyentlar uchun zaxira varianti hisoblanadi. Bundaylarning aksari Rostov viloyatidan. Rostov va Taganrogdagi oliygohlarda esa yangi o‘quv yili arafasida byudjyet o‘rinlari teng yarmiga qisqargan", deydi Nakonechniy.

Top