08:59 / 29.07.2015
3599

O‘zbekiston bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi choralar ko‘rmoqda

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tegishli idoralar va tashkilotlar tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining №138 va №182 konvensiyalarining ijrosi bo‘yicha eshitishlar uyushtirildi.

Yig‘ilishda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. Abduhakimov, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T. Norboyeva, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari A. Ikromovlarning O‘zbekistonning XMT konferensiyasi 104-sessiyasida belgilab berilgan majburiyatlari ijrosi bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

A. Abduhakimovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston bolalarning majburiy mehnatini taqiqlash borasida muhim qonuniy chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Bu borada amalga oshirilgan asosiy ishlar sirasida MXTning yuqoridagi konvensiyalarining ratifikatsiya qilinishini keltirish mumkin. Vazirlik MXT bilan hamkorlikda tegishli tavsiyalarni ishlab chiqdi. Shu asosda Milliy harakat dasturi qabul qilinib, u bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

T. Norboyeva o‘z chiqishida vazirlik bu borada amalga oshirayotgan ishlarni yana bir bora e'tirof etib o‘tdi.

Eshitish chog‘ida, shuningdek, Bosh prokuratura rahbarligi ostida voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha maxsus komissiya yaratilgani, u yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi borasida ishlar olib borayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmatining darak berishicha, tadbir yakunlariga ko‘ra qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Top