11:15 / 29.07.2015
4665

Yilning eng faol yosh kimyogari aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori hamda “O‘zbekiston Respublikasida 2015 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ga muvofiq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovi o‘tkazilmoqda. Ayni kunlarda 4 bosqichda tashkil etilgan mazkur tanlovning Respublika tarmoq bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, yosh mutaxassislarning innovatsion g‘oya, loyiha va texnologiyalarini hayotga tadbiq etish orqali yoshlar bandligini ta'minlash, ularning huquqiy madaniyati va faolligini oshirish, shuningdek, iqtidorli yoshlarni munosib rag‘batlantirish, yigit-qizlarda Ona Vatanga muhabbat va mamlakatda ro‘y berayotgan voqealarga dahldorlik hissini oshirishdir.

Kuni kecha Chirchiq shahridagi “Maksam-Chirchiq” madaniyat saroyida mazkur tanlovning “Yilning eng faol yosh kimyogari” nominatsiyasi bo‘yicha Respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda “O‘zkimyosanoat” DAK tizimidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan va tanlovning dastlabki bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, ilg‘or innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan 7 nafar yosh kimyogar bellashdi.

Tanlovda yosh mutaxassislarning ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi loyihalari, ular natijasida ishlab chiqarish hajmi va unumdorligining ortishi, innovatsion ishlanmalarning Respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi asosiy mezonlardan biri bo‘ldi.

Eng muhimi tadbir orqali yoshlarning noyob kashfiyotlari yuzaga chiqarildi. Masalan, “Farg‘onaazot” AJning Karbomid sexi injyener texnologi Po‘latjon Xoldorov tanlovda “Sintez reaktorini modernizatsiya qilish” loyihasi bilan ishtirok etdi. Ushbu loyihaning ahamiyatli tomoni shundaki, modernizatsiya natijasida karbomid ishlab chiqarishdagi reaksiya jarayoni 57 foizdan 60 foizga ko‘tariladi. Natijada ishlab chiqarish hajmi sutkasiga 1000 tonnadan 1096 tonnaga ortadi. Bir yilda esa mahsulot ishlab chiqarish 31 ming 600 tonnaga oshadi. Mazkur loyihaning amalga tatbiq etilishi natijasida yiliga qariyb 17 milliard so‘m qo‘shimcha foyda olinadi.

“Navoiyazot” AJning 25-sexi ustasi Behzod Sheraliyevning innovatsion ishlanmasi esa xlor tabletkalarini olishda asosiy mahsulot hisoblangan “sianur” kislotasining sintez jarayonida elektroenergiyani ishlatmagan holda tabiiy gazdan unumli foydalanishga yo‘naltirilgan. Bu orqali ishlab chiqarish unumdorligi 3 barobarga ortishi bilan birga xlor tabletkalarining tannarxi      2 barobarga arzonlashadi. Shuningdek, mazkur loyihaning amalga tatbiq etilishi natijasida jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqariladi.

Tanlovda nufuzli hakamlar xay'ati tomonidan “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovining 1-, 2-, 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi.

G‘oliblar Kimyo sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi diplomlari va sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Eslatib o‘tamiz, tanlov doirasida aniqlangan eng faol yosh mutaxassislar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Vatanimiz Mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab tashkil etiladigan “Yosh mutaxassislar” Respublika forumida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Mazkur forumda eng yaxshi deb topilgan iqtidorli yosh mutaxassislar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ta'sis etilgan maxsus grantlarni qo‘lga kiritadilar.

 

Top